Shahar ko’chalarini aylanib yurib, atrofda e’tiborsizlik, tozalikka odamlarning befarq bo’lib borayotganiga yana amin bo’ldim. Ko’chalar, yo’laklar atrofi chiroyini chiqindi buzib turibdi. Qiziq tomoni shundaki, bu chiqindilar maxsus axlat qutilarida emas, balki ularning atrofida, piyodalar yo‘lagida, hatto yo‘l chetida yoyilib yotardi: asosan plastik idishlar, qog‘oz qoldiqlari, paketlar va ayrim joylarda buzilgan maishiy texnika parchalari. Balki, ba’zi tengdoshlarim bunga shunchaki ko’z yumib o’tib ketayotgandir. Ammo, men befarq bo’lolmadim. “Bog‘idasht” singari mahallalarda bo’lib, shaharning markaziy hududida bu kabi sochilib yotgan va ayrim joylarda allaqachon uyumga yalangan chiqindilarga duch keldim. Bu axlat uyumi odamlar chiqindi tashlagani, shamol bilan uchib kelgani yoki boshqa qaysi sabab bilan paydo bo’lganidan qat’iy nazar mas’ullarning mas’uliyatsizligi kishini o’ylantiradi. Qolaversa, eng ko’p chiqindi bor hudud atrofida bir emas, bir nechta do’kon va ovqatlanish uchun shaharning eng gavjum kafelari faoliyat yuritadi. Nahotki, o’zi har kun ishga kelayotgan, havosidan nafas olayotgan maydon atrofini tozalab qo’yishga urunishmaydi?!
Afsuski, bu holat ekologik muammolarning naqadar keng ko‘lamga ega bo‘lib borayotganini yana bir bor isbotlaydi. Eng yomoni, ko‘chalarda yotgan bunday chiqindilar uzoq vaqtgacha yerga singmaydi. Masalan, plastik butilkalar 450 yilgacha parchalanmasdan qolar ekan. Polietilen paketlar esa 100 yildan ortiq vaqt davomida tabiatda saqlanib qoladi. Bu orada ular tuproqni zaharlaydi, o‘simliklar o‘sishini sekinlashtiradi, hayvonlar ularni yeb qo‘ysa, halok bo‘ladi.
Chiqindilar masalasi ko‘p hollarda oddiy axloqiyatsizlik natijasi sifatida namoyon bo‘lyapti. Ya’ni odamlar chiqindini mas’uliyat bilan belgilangan joyga tashlamayapti. Ko‘p hollarda aholi chiqindilarni to‘g‘ri farqlay olmaydi — organik, plastik, shisha, metall kabi turlarga ajratish kerakligini ko‘pchilik bilmaydi. Bu esa chiqindilarni qayta ishlash imkonini kamaytiradi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 430 million tonna plastik chiqindi ishlab chiqariladi. Bu chiqindilarning katta qismi dengiz va okeanlarga tushib ketadi. Natijada daryolar, ko‘llar, dengizlar tubida plastiklar to‘planadi, ularni yutib yuborgan baliqlar va boshqa dengiz jonivorlari nobud bo‘lyapti. O‘z navbatida bu baliqlar insonlar ovqat sifatida iste’mol qiladigan oziq-ovqat zanjiriga ham zarar yetkazadi. Suvga tashlangan chiqindi o‘zini tezda ko‘rsatmasa-da, uning oqibatlari kechikkan holda yuzaga chiqadi. Masalan, chiqindilar suvning tarkibini o‘zgartiradi, kislorod miqdorini kamaytiradi, mikroorganizmlar hayot faoliyatiga zarar yetkazadi. Oqibatda esa suvda yashovchi tirik mavjudotlar soni kamayib, ba’zida butun ekotizim izdan chiqadi.
Ko‘chalarda axlatlar yotibdi, deganda bu faqat estetika yoki tozalikka oid muammo emas. Bu butun boshli ekologik tizimning ishdan chiqishi uchun sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan signal. Shuning uchun har bir fuqaro chiqindi madaniyatini shakllantirishi, farqlash, ajratish, qayta ishlash haqida tushunchaga ega bo‘lishi va eng oddiy qadam — axlatni belgilangan joyga tashlashni odat qilishi zarur.
Bu muammo birdan hal bo‘lib qolmaydi, ammo har kim o‘zidan boshlasa, shaharlarimiz, daryolarimiz va havomiz asta-sekin tozalana boshlaydi.
Marhabo Inomjonova,
Buxoro davlat universiteti talabasi