Prezident Olimpiadasi: Yangi O‘zbekistonning g‘alaba falsafasini yaratadigan buyuk maktab

   Sport orqali tarbiya, tarbiya orqali millatning ertangi kuni yaratilmoqda…

Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti tobora tezlashayotgan bugungi davrda yoshlar tarbiyasi, ularning jismoniy va ma’naviy kamoloti davlat siyosatining eng asosiy ustunlaridan biriga aylangan. Mamlakatda ilk bor o‘tkazilayotgan Prezident Olimpiadasining tantanali ochilishi esa bu yo‘ldagi eng muhim tarixiy voqealardan biri bo‘lib, sport sohasida mutlaqo yangi bosqich boshlanganini anglatadi.

Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zlagan nutqi nafaqat musobaqaning maqsadini, balki butun yurt kelajagiga bo‘lgan ishonchni, yosh avlodga bo‘lgan mehr va e’tiborni yorqin aks ettirdi. Bu nutq, aslida, sportga, tarbiyaga, Vatanga sadoqatga qaratilgan butun bir konsepsiyaning mazmunli ifodasidir.

So‘nggi yillarda sport tizimida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar O‘zbekistonni sporti rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqmoqda. Budjet xarajatlarining keskin oshishi, trenerlarning maoshi yetti barobar ko‘tarilganligi, yuzlab yangi sport obyektlarining qurilishi — bularning barchasi mamlakat rahbariyatining sportga strategik yondashuvidan darak beradi. Mahallalardagi ikki mingdan ziyod sport maydonchasi, chekka hududlardagi yangi infratuzilmalar, maktablardagi sport zallarining yangilanishi yoshlar uchun sportga kirish eshigini keng ochdi. O‘z vaqtida faqat iste’dodga emas, imkoniyatga ham bog‘liq bo‘lgan yo‘l bugun istagan har bir bola uchun ochiq. Shu bois bugungi yoshlar — shiddat bilan harakat qiladigan yangi avlod. Ular kuchli infrastruktura, modern tizim va adolatli seleksiya tizimi bilan qurollangan.

Prezidentimiz nutqidagi xalqaro yutuqlar haqidagi ma’lumotlar bugun O‘zbekiston sportining o‘sish dinamikasi naqadar jadal ekanini ko‘rsatadi. Parij Olimpiadasida olinagan 13-o‘rin, Yoshlar o‘yinlaridagi sovrinlar, shaxmatda qo‘lga kiritilgan jahon kubogi, yosh grossmeyster Javohir Sindorovning dahshatli muvaffaqiyati — bular tarixda oltin harflar bilan yoziladigan natijalardir. Ayniqsa, 34 yil davomidagi kutishlar ortidan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqilgan yo‘llanma — xalq hayotida mislsiz quvonch uyg‘otgan voqea bo‘ldi. Bu natijalar — tizim o‘zgarishining eng yorqin isbotidir.

Yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan Prezident Olimpiadasi — sport sohasida yangi falsafa asosida bunyod etilgan eng muhim loyihalardan biridir. Bu musobaqa bilan O‘zbekiston milliy sport tizimi tubdan yangilanmoqda. Musobaqada 100 mingdan ortiq yoshlar qatnashgani — sportning ijtimoiy ommaviyligini yana bir bor isbotladi. Tuman, shahar va viloyat bosqichlarini muvaffaqiyatli bosib o‘tgan 3 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz bugun poytaxtda o‘z salohiyatini namoyish etmoqda. Bu musobaqa sport tanlovida adolatni ta’minlaydigan, eng iqtidorlilarni seleksiya qiladigan, qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy modeliga ega, kelajak chempionlarini shakllantiradigan mukammal tizimdir.

Muhimi, g‘oliblar to‘g‘ridan to‘g‘ri terma jamoaga yo‘naltiriladi, zamonaviy Olimpiya markazlarida tayyorlanadi va davlat stipendiyasiga ega bo‘ladilar. Bunday e’tibor — yurtimiz yoshlariga berilayotgan ulkan ishonchdir. Prezidentning “Sportni tarbiyadan, tarbiyani sportdan ajratib bo‘lmaydi” degan fikri bugungi kunda ayniqsa dolzarb. Haqiqatan ham, sport bilan shug‘ullanadigan yoshlar halollik, qat’iyat, fidoyilik, mehnatsevarlik va intizomni hayotiy qoidaga aylantiradi. Bu fazilatlar esa har qanday millatning yuksalishi uchun asosiy mezondir. Shu bois ustoz-murabbiylar zimmasidagi mas’uliyat ham ulkan: ular birgina sport emas, butun bir avlodning xarakterini shakllantirayotgan poydevor ustalaridir. Yurtimizning dunyo sportidagi nufuzi jadal oshib bormoqda. 2026-yilda Shaxmat olimpiadasi, 2027-yilda U–20 jahon chempionati, 2029-yilda Yoshlar Osiyo o‘yinlarining O‘zbekistonda o‘tkazilishi — bu xalqaro ishonchning eng yuqori ko‘rinishidir. Bunday yirik musobaqalar uchun zarur infratuzilma yurtimizda allaqachon mavjud. Olimpiya shaharchasi bunga yorqin misoldir. Bu majmua — nafaqat sport, balki yoshlar ruhini birlashtiradigan ma’naviy maskanga aylandi. Prezidentning yosh sportchilarga aytgan “Sizlar tarixga kiradigan birinchi ishtirokchilarsiz” degan so‘zlari har bir ishtirokchining yuragiga g‘urur, mas’uliyat va harakat ruhini singdiradi. Albatta, ushbu musobaqaning ilk qatnashchilari ertangi kunning eng yorqin yulduzlariga aylanishi mumkin. Ana shu avlod orasidan yangi Bahodir Jalolovlar, Ulug‘bek Rashidovlar, Diyora Keldiyorovalar, Akbar Jo‘rayevlar, yangi grossmeysterlar va jahon rekordchilari yetishib chiqishi — bugun hech kimga shubha tug‘dirmaydi.

Prezident Olimpiadasi — bu sport musobaqasi sifatidagi rolidan ancha keng ma’noga ega. U yoshlarni izlanishga, mahoratga, halollikka, vatanparvarlikka, raqobat va g‘alaba ruhiga undaydigan buyuk maktabdir. U har bir ishtirokchiga: “Sen qila olasan, sen O‘zbekistonning kelajagisan!” degan ishonchni beradi. Yangi O‘zbekiston aynan shunday ishonchli, qat’iyatli, maqsadli avlod bilan buyuk kelajak sari olg‘a yuradi. Bugun bu maydonga chiqqan har bir yosh — nafaqat sportchi, balki kelajak tarixining muallifi. Ularga tilak bitta:

G‘alaba sari dadil yuring, aziz farzandlar!

Vatan sizlarning zafarlaringizni kutmoqda.

 

Rustamjon Rahimboyev,

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi rahbari, Buxoro davlat pedagogika instituti magistranti, Yoshlar parlamenti faoli