MILLIYLIKDAN AYRICHA MODA MADANIYATSIZLIK BELGISI EMASMI?

Globallashuv sabab tobora chuqurroq ildiz otib, qulochini yoyib borayotgan ommaviy madaniyat turli mamlakatlar milliy ma’naviyatiga jiddiy zarba berayotir, desak mubolag’a bo’lmaydi. Ommaviy madaniyatning asosiy ko’rinishlaridan biri bo’lmish moda atalmish bexosiyat odatlar keltirgan balo-yu gunoh bu dunyo va oxiratda bizga yetib, ortib ham qolur. Azaldan oilalarimiz islom dining poklikka undovchi odatlari ila qurilgan, odamlarimiz Allohdan qo’rqqan. Millatimizga ajdodlarining odat-u an’analari, nodir ma’naviy boyliklarimiz hokim bo’lgan zamonlarda chin rohatda, edik, xotirimiz jam, har sohada yo’limiz ochiq edi. Bugungi kunda esa, ming afsuslar bo‘lsinki, ayrim yigit-qizlarimiz ko‘cha-ko‘yda yirtiq shim kiyadigan va oyoqlari tovonlarini ochiq holda ko‘rsatib yuradigan, kalta paypoq kiyib yurishni kanda qilmaydigan bo’lishdi. Bugun yo’llarimiz emas, ayollarimiz ochiq. Bilib-bilmay muqaddas kitoblar, hadislarga emas, ingliz, fransuz va boshqa millatlarning odatlariga, Yevropadagi noma’lum bo’lgan qandaydir axloqsizlarga ishonyapmiz, ularning ko’zni oladigan yaltiroq, aslida esa tagi puch, millatlarni bora-bora yo’q qilishga qaratilgan g’oyalariga ko’r-korona ergashyapmiz. Payg’ambarimiz Muhammad (sav)dan bir hadisi sharif kelgan:

”Kim qaysi qavmga o’xshashga harakat qilsa, bas — u o’shalardandir!”

Agar Payg’ambarimiz amrlariga modaga ahamiyat berganimiz kabi munosabatda bo’lsak edi, chin ma’noda ko’plab pokiza va haqiqiy musulmon kishilar yetishardi.  Agar modaga ketgan xarajatlar faqir fuqarolar ehtiyojlari yo’lida xarjlansa, necha bag’ri yaraga malham, qancha ko’ngli yarimga shodumonlik olib kirgan bo’lmasmidi?! Yilda bir necha bor o’zgaradigan modaga sarflangan xarajatlarning hisobi yoq, ”Bu yil oq libos kiyiladi”, deyildimi tamom, amr vojibdur… Kuchi, imkoniyati yetgan-yetmaganning ustida oq libos bo’lishi shartdek go’yo. Modaga berilgani uchun o’zini maymunday ko’rinishga solgan qanchalab kishilarning, aslida, qarindoshlarining qaysi biridir qandaydir ko’makka muhtoj, ozining esa, uyida yeyishga tuzuq-quruq taomi yo’q…

Lekin biz ularni emas, modani boshlab beradigan boylarni aybdor deb bilamiz. Ilgarigi vaqtlarda to’yga keta turib, korchalonlar, faqirlar qo’li kaltaligidan o’ksinmasin, og’rinmasin, degan o’yda zeb-ziynat buyumlarini taqishmagan, havaslanib, ko’ngli tushmasin, deb hashamdor kiyinmaydigan oliyjanob insonlar bo’lgan ekan. Taassufki, bugungi kunda o’zidan boshqani o’ylamaydigan, barcha fazilati cho’ntagidagi puldangina iborat bo’lgan boylarimiz bor. Bugun har bir to’y-ma’raka uchun alohida yangi kiyim tiktirib kiymasa ”uyaladigan”, o’n besh-yigirma bosh kiyimni kam deydigan ayollarimiz mavjud. Bundaylarga ibrat bo’lar degan umidda Rasullulohning qizida faqat bir bosh libosi bo’lganini aytib o’tmoqchiman. Bugun egniga, ehtiyoj sabab, kiyishi uchun eng oddiy libosni-da topishga qiynaladigan, ”Bir muruvvat sohibini yo’lla, yo Rab!”, deya ingrab, iltijo qilayotgan qancha ayollar borligini mana shu toifa egalari hech his qilisharmikin?! Insonlik sharafi va fazilati boylarning kim o’zarga kiyinishi, bo’ylashib bahslashishlarida emas, balki ochlarni to’ydirish, yalang’ochlarni kiyintirishek yuksak axloqiy sifatlarda ekanini tushunisharmikan?! Modaga sarf etilayotgan har tiyinning Yaratgan huzurida hisobi bo’lishi, javobi borligi haqida bilisharmikan?! Uyiga haftada go’sht kirmagan, issiq sho’rva ichmagan, to’yib ovqatlanmaydigan qanchalab millatdoshlarimiz bor… Biz qish kunlari issiq pech yonida yozilib, xotirjam o’tirar ekanmiz, quruq, sovuq qozonlariga ko’zyoshlari tomgan birodarlarimiz borligi haqida hech bosh qotiramizmi?!

Shunday boylarimiz borki, kunda millionlab foyda ko’radilar, har kun go’sht, yog’ va asalga bo’kadilar, tag’in hech narsaga erishmaganliklaridan, huzur topmayotganliklaridan, bir millioni ikki millionga chiqmaganidan shikoyat qilishadi. Bundaylardan muruvvat kutmaymiz.

Ayrilishni istamaganimiz bu yolg’on dunyoni yolg’izgina kafan bilan tark etar ekanmiz, Arshi A’loda yonimizdan faqatgina ibodatlarimizgina, ezgu amallarimiz, xayr-u saxovatimiz joy olishini, oxiratda bizga yeganlarimiz emas, yedirganlarimiz, kiyganlarimiz emas, kiydirganlarimiz foyda keltirishini unutmaylik! Zero, chin mo’minlik insongarchikdan ayri bo’lmaydi!

Dilnavoz TO’XTAYEVA,

BuxDu talabasi