Mehrni unutma, farzand!

“Yo’q, qizim. Kerak emas, olmang meni. Yozmang men haqimda. Bolalarim ko’rib qolsa, xafa bo’ladi”. Jurnalist qiz qariyalar uyi eshigidan shu kabi e’tirozlarni eshitib, xafaqon bo’lib chiqdi. Ona bola uchun qanchalik og’irlik qildi ekan. Shu mushtipar, jimittekkina jonga uyning bir chetidan ham joy topilmadimikan? Onaga-chi, shu holatda ham o’zining obro’sini emas, farzandining g’ururini o’ylash darajasida mehr ato etildimikan-a? Jurnalist qiz shu kabi javobi o’ziga bog’liq bo’lmagan savollar bilan yo’lida davom etdi.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 200 mingdan ortiq qariyalar uyi mavjud ekan. AQSh tadqiqotchilari bu holatga ijobiy baho berishgan: Yevropada ota-onani qariyalar uyiga olib borish bu tabiiy va odatiy holat. Ammo biz Sharqning ko’ngli, qalbi ochiq tomonidanmiz. Bugun mana shu an’anani inkor etayotgan “farzandlar” ham mavjudligi biroz ayanchli. Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Inglizlarda shunday maqol bor:

-Farzandingizni tarbiyalamang. U baribir o’zingizga o’xshaydi, o’zingizni tarbiyalang!

Bu vaziyatda farzandga bolalikdan beriladigan tarbiya katta ahamiyat kasb etadi. Ba’zi ota-onalar kerak vaqtida farzand yuziga tushirilgan tarsakini tarbiya berdim deb hisoblaydi. Lekin aslida tarbiya bu tarsakida yoki ehtiyojlar uchun beriladigan pulda emas. Bu oila davrasidagi mehrda. Farzandini qoshiga o’tirqig’izib aytilgan hadislar-u, duoda.

Ota-onaning qadri borasida Qur’oni Karimdagi bir oyat va hadisi sharif ushbu muqaddas zotlar haqida shunday zikr qilinadi: «Va Robbingiz faqat O‘zigagina ibodat qilishingizni va ota-onalarga yaxshilik qilishingizni buyurdi». Buning bilan inson nafaqat o‘zining ota-onasiga yaxshilik qilishi kerakligi, balki har bir ota-ona yoshiga yetgan keksa yoshdagi kishilar yoshlardan, o‘z farzandi tengilardan doimo hurmat ko‘rishga haqli ekani ma’lum bo‘ladi. «Agar ulardan biri yoki ikkovi ham sening huzuringda keksayib qolgan bo‘lsa, ey farzand, sen ularga aslo «uff» deya ko‘rma. Ularni jerkima, ularga shafqat qanotingni yoz va, aytginki, Robbim, ota-onam meni go‘dakligimda tarbiya qilganlaridek, endi Sen ularga rahm qil». Albatta, ota-ona o‘tgandan so‘ng ham masofa uzilmaydi. Alloh taolo ota-bolaning, ona-bolaning o‘rtasidagi rishtani shunday mustahkam bog‘laganki, bu rishtani hatto eng yaqin kishilar – tanmahramlar o‘rtasini uzadigan o‘lim ham uza olmaydi. Ota-onani Alloh farzandiga o‘ta mehribon qilib yaratgan. Boshqalar kechira olmaydigan jinoyatni ular har doim kechirishga tayyor.

Dunyoda hamma narsaning cheki bor. Umrning ham. Ammo mehrning chek-chegarasi yo’q. Uni kimgadir berishimiz bilan kamayib qolmaydi. Ayniqsa, ota-onalarimizga mehr-shafqatimizni ulashish – musulmonlarning farzi demakdir. Jurnalist qiz shular haqida o’ylab, o’z fikrlariga xulosa yasadi va yozilajak maqolasi uchun yangi hamda qalam urilmagan jumla topdi: “Mehrni unutma, farzand!”

Sevinch Murodova, BuxDu filologiya fakulteti, Jurnalistika yo’nalishi talabasi.

🔺@by_gazetasi