Atrof-muhitni asrash har bir fuqaroning konstitutsiyaviy burchidir. Daraxtlar va yashil maydonlar ekologik muvozanatni saqlash, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda kelajak avlodlar uchun sog‘lom muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Afsuski, ayrim fuqarolar tomonidan tabiatga nisbatan mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lish holatlari ham uchrab turibdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan ma’muriy ish ham buning yaqqol misolidir.
Sudda aniqlanishicha, Qorako‘l tumani “Oq oltin” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1995-yilda tug‘ilgan N.I. 2025-yil 26-noyabr kuni mahalla hududida 4 tup daraxtni noqonuniy ravishda kesgan. Oqibatda tabiatga 97.155.780 so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ish hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, N.I. muqaddam sudlangan hamda ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ushbu holat uning qonun talablariga yetarlicha rioya qilmaganidan dalolat beradi. Sud majlisida huquqbuzar o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanligini bildirgan va yengillik berishni so‘ragan.
Sud tomonidan to‘plangan dalillar, ma’muriy bayonnoma, guvohlarning ko‘rsatmalari hamda boshqa hujjatlar har tomonlama o‘rganilib, fuqaroning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismi bilan to‘g‘ri malakalangan deb topildi.
Natijada sud qarori bilan N.I. mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni 10.300.000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, tabiatga yetkazilgan 97.155.780 so‘m zarar Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi foydasiga undirilishi belgilandi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, daraxtlarni noqonuniy kesish nafaqat ekologik muammolarni keltirib chiqaradi, balki davlat va jamiyat manfaatlariga ham jiddiy zarar yetkazadi.
Dilmurod Qulliyev,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tergov sudyasi