Ilgarilari davlat mukofotlari, ko‘krak nishonlari hamda orden va medallar faqat ko‘pni ko‘rgan, jamiyat hayotida chuqur iz qoldirgan keksa yoshli insonlargagina berilar edi. Bugun esa mustaqillik sharofati bilan ko‘ksini yuksak mukofotlar shodasi to‘ldirib turgan yigit-qizlarni ko‘rib, qalbimizda faxr tuyg‘usi jo‘sh uradi. Zamonamiz yoshlari har bir sohada faolligi, tashabbuskorligi va tinimsiz g‘ayrat-shijoati bilan peshqadamlik qilmoqda. Ayniqsa, yoshlar tashkiloti safida turib, yuzlab, minglab tengdoshlari bilan yelkama-yelka mehnat qilayotgan yoshlar yetakchilarining faoliyatiga nazar tashlab, ularning fidoyiligiga beixtiyor tahsin aytasiz.
Gʻijduvon tumanidagi “Gʻishti” mahallasi yoshlar yetakchisi Javohir Tilloyev ham ana shunday faol, bilimli va tashabbuskor yoshlar vakilidir. Ma’lumki, “Yetakchi Camp” loyihasi yoshlar yetakchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishni o‘rgatishga qaratilgan eng yirik va nufuzli tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Mazkur loyihaning 8-mavsumi Javohir uchun g‘oyatda zafarli keldi. Uning o‘quv mashg‘ulotlaridagi faol ishtiroki, harakatchanligi, yuksak bilim va zakovati tashkilotchilar hamda ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
— “Yetakchi Camp” loyihasining 8-mavsumidagi o‘quv mashg‘ulotlarida asosiy e’tibor sun’iy intellekt imkoniyatlari hamda media savodxonlikni oshirish masalalariga qaratildi, — deydi malakali trener Abdulaziz Yo‘ldoshev. — Ishtirokchilarga sun’iy intellekt vositalaridan unumli foydalanish, kundalik ish jarayonlarini yengillashtirish, kreativ g‘oyalar ishlab chiqish va zamonaviy axborot texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha zarur bilimlar berildi. Buxorolik yoshlar yetakchisi Javohir Tilloyevning intilishi bizni alohida jalb etdi. U o‘zining yuksak savodxonligi va shijoati bilan boshqalardan yaqqol ajralib turdi. Kelgusida ushbu yetakchidan el-yurt koriga yaraydigan munosib rahbar kadr yetishib chiqishiga shubha yo‘q.
Mashg‘ulotlar davomida, shuningdek, “Xodimlarni boshqarishda samarali yondashuv” mavzusida ham darslar tashkil etilib, unda jamoani shakllantirish, xodimlarni rag‘batlantirish, vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash hamda zamonaviy boshqaruv usullari yuzasidan qimmatli amaliy tavsiyalar berildi.
Har bir loyihaning o‘z mavsumiy yakuni va munosib taqdirlash marosimi bo‘lganidek, “Yetakchi Camp”ning 8-mavsumi ham yorqin muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Quvonarlisi, mazkur shiddatli bellashuvlarda “Gʻishti” mahallasi yetakchisi Javohir Tilloyev faxrli birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi va mavsum g‘olibiga aylandi.
Javohir Tilloyevni ushbu yuksak zafar va munosib e’tirof bilan chin qalbdan muborakbod etamiz! Olib borayotgan xayrli va tashabbuskor ishlarida, mahalla yoshlarini birlashtirish va ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi fidokorona faoliyatida kuch-g‘ayrat, sihat-salomatlik va yangidan-yangi zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz. Yurtimiz va Buxoro sha’nini yuksaklarga ko‘taradigan mana shunday bilimli, shijoatli kadrlarimiz safi yanada kengaya versin!
Muvaffaqiyat muborak bo‘lsin, yoshlar yetakchisi!



