Bir xabar ortidan boshlangan javobgarlik

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar insonlar hayotining ajralmas qismiga aylangan. Biroq ayrim hollarda virtual muloqot odob va qonun me’yorlaridan chetga chiqib, huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lmoqda. Qorako‘l tumanida yuz bergan voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudida fuqaroga nisbatan shahvoniy shilqimlik sodir etish holati yuzasidan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Sudda aniqlanishicha, tuman hududida yashovchi M.I. 2026-yil 19-mart kuni ayol qo‘shnisiG. S. ning turmush o‘rtog‘i uyda yo‘qligidan xabardor bo‘lgan holda, unga tegishli Telegram messenjeri orqali bir necha bor yozishmalar yuborgan. Mazkur xabarlarda ayolning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda shahvoniy mazmundagi taklif va murojaatlar mavjud bo‘lgan. Sud majlisida huquqbuzar o‘z ko‘rsatmasida xabarlarni boshqa tanishiga yuboraman deb adashib yozganini bildirgan. Biroq jabrlanuvchi fuqaro sudga bergan ko‘rsatmasida nomaqbul murojaatlar bir necha marotaba takrorlanganini, yozishmalar mazmuni uning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, jabrlanuvchi mazkur holat haqida turmush o‘rtog‘i va yaqinlariga xabar berganini, keyinchalik yozishmalar muallifi qo‘shnisi M.I. ekanligi aniqlanganini bildirgan. Sud majlisida so‘roq qilingan guvohlar ham ushbu holatlarni tasdiqlovchi ko‘rsatmalar bergan.

Sud ish materiallarida mavjud ariza, tushuntirish xatlari, telefon orqali yuborilgan xabarlar hamda boshqa dalillarni o‘rganib chiqib, huquqbuzarning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41¹-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlariga mos kelishini qayd etdi.

Sud tomonidan huquqbuzarning shaxsi, ish holatlari, javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi omillar inobatga olinib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ma’muriy qamoqda saqlash bilan bog‘liq 309 ming so‘m miqdoridagi xarajatlarni undirish belgilandi.

Dilmurod Qulliyev

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tergov sudyasi