Buxoro davlat texnika universitetida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Yaponiya” xalqaro ta’lim forumi va yarmarkasi ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini mustahkamlash, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratildi. Mazkur tadbir Yaponiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish hamda talabalar va yoshlarning xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Forumning ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova, Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova hamda JICA O‘zbekiston ofisi rahbari Mamoru Sakaiga kirish so‘zi bilan ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar forumning ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va akademik aloqalarni rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidlab, tadbir ishiga muvaffaqiyat tiladilar.
Qariyb 3 000 nafar yoshni qamrab olgan xalqaro forum-yarmarka ishtirokchilarga Yaponiya ta’lim tizimi, yetakchi oliy ta’lim muassasalari, zamonaviy ta’lim metodikalari va xalqaro akademik hamkorlik yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shuningdek, yoshlar Yaponiyada tahsil olish, xalqaro ta’lim dasturlarida qatnashish va akademik almashinuv imkoniyatlari haqida bevosita mutaxassislardan ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbirda Yaponiyaning 23 ta universiteti vakillari qatnashib, o‘z ta’lim dasturlari, qabul talablari, xalqaro talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda akademik almashinuv istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Jumladan, University of Tsukuba, Nagoya Institute of Technology, Waseda University, Yokohama National University, Yamagata University, SOKENDAI, Kibi International University, Tohoku University, Toyo University, Hosei University va International College of Liberal Arts (iCLA) kabi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan muloqotlar tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlar yoshlarning xorijiy universitetlar faoliyati, ta’lim olish shartlari va xalqaro akademik hamkorlikning amaliy imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Forumning ikkinchi kunida Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning jahon universitetlari reytinglarida yuqori o‘rinlarni egallagan oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda universitetlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, akademik almashinuv ko‘lamini kengaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Dastlabki kelishuvlar Buxoro davlat texnika universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashish va istiqboldagi hamkorlik loyihalarini shakllantirish uchun muhim zamin yaratadi. Bunday aloqalar ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish, ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda talabalar uchun xalqaro akademik imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Umuman olganda, “O‘zbekiston – Yaponiya” xalqaro ta’lim forumi va yarmarkasi ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, akademik hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va yoshlarni xalqaro ta’lim imkoniyatlari bilan tanishtirishga qaratilgan muhim tadbir bo‘ldi. Forum doirasidagi uchrashuvlar va muzokaralar ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochdi.
Mazkur platforma yoshlarning xalqaro bilim va tajriba orttirishi, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallashi va kelajakdagi akademik maqsadlarini belgilashida ham muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan, forum nafaqat O‘zbekiston va Yaponiya ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, balki yoshlarning xalqaro ta’lim maydonidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiluvchi samarali muloqot maydoni sifatida ham ahamiyatlidir.


