O‘ZBEK TILI — MILLAT RUHI, G‘URURI VA KELAJAGI

October 21st —

o’zbek tiliga davlat tili maqomi berylgan kun.

Ona tili – millatning ma’naviy qiyofasi, tarixiy xotirasi va milliy o’zligining eng muhim belgilaridan biridir. Til orqali xalqning asrlar davomida shakllangan urf-odatlari, qadriyatlari, dunyoqarashi va boy ma’naviy merosi avloddan avlodga yetib boradi. Shu bois ona tilini e’zozlash, uni asrab-avaylash va rivojlantirish har bir fuqaroning muqaddas burchidir.

1989-yil 21-oktyabr kuni o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani xalqimiz tarixidagi unutilmas va muhim voqealardan biri bo’ldi. Ushbu tarixiy qaror milliy o’zligimizni anglash, ona tilimizning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarimizni tiklash yo’lida katta ahamiyat kasb etdi. Har yili 21-oktyabr sanasining alohida e’tibor bilan nishonlanishi ham ona tilimizga bo’lgan hurmat va ehtiromning yorqin ifodasidir. O’zbek tili qadimiy tarixga, boy lug’at xazinasiga va betakror badiiy imkoniyatlarga ega bo’lgan tillardan biridir. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Furqat, Muqimiy, Abdulla Qodiriy, Cho’lpon kabi buyuk adib va ​​mutafakkirlarimiz ijodi tilimizning naqadar go’zal, sermazmun va qudratli ekanini namoyon etadi. Buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi bizni ona tilimizni chuqur o’rganishga, so’z boyligimizni oshirishga, nutq madaniyatiga rioya qilishga undaydi. Tilga hurmat – tarixga hurmat, millatga hurmat va Vatanga sadoqat demakdir. Bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, uni davlat boshqaruvi, ta’lim, ilm-fan, madaniyat va axborot texnologiyalari sohalarida keng qo’llashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy taraqqiyot sharoitida o’zbek tilining elektron resurslarini ko’paytirish, ilmiy va texnik atamalarni takomillashtirish hamda yoshlarning savodxonligini yuksaltirish muhim vazifalardan hisoblanadi. Ayniqsa, yosh avlod qalbida ona tiliga muhabbat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg’ularini shakllantirish katta ahamiyatga ega. Yoshlar tilimizning boy imkoniyatlarini chuqur o’rganishi, uni ravon va to’g’ri qo’llashi, ijtimoiy tarmoqlarda ham adabiy til me’yorlariga amal qilishi lozim. Zeroki, ona tilini asrash – barchamizning burchimiz. Ona tilimizni sevish faqat bayram kunlarida uni madh etish bilan cheklanmaydi. Bu – har kuni tilimizda hurmat bilan so’zlash, uning boyligini o’rganish, yosh avlodga o’rgatish va nufuzini oshirish yo’lida amaliy harakat qilishdir.

O’zbek tili – millatimizning faxri, mustaqilligimizning ma’naviy timsoli va kelajagimiz poydevoridir. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish va dunyo miqyosidagi nufuzini yuksaltirish barchamizning sharafli vazifamizdir. Ona tilimiz doimo barhayot bo’lsin! O’zbek tilining qadri, nufuzi va ravnaqi yanada yuksalsin!

October 21st —

O’zbek tili bayrami muborak bo’lsin!

Shuhrat Muqimov,

Shofirkon tumani “Kalon” mahallasi yoshlar yetakchisi