IMTIYOZLI KREDIT OLIB, MUVAFFAQIYATGA ERISHGAN YOSHLAR

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi faoliyat olib bormoqda. Mazkur jamgʻarma orqali yoshlarimizga imtiyozli kreditlar ajratilib, tadbirkorliklari qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda.

Shunday imtiyozli kreditlarga ega boʻlib, faoliyatini muvaffaqiyatli muvaffaqiyatga davom ettirgan yosh tadbirkorlar avrasida boʻldik.

Sultonjon NEʼMATOV, “EUROGLASS” MCHJ direktori, 19 yosh, Buxoro shahri:

—  Viloyatimizda shishani qayta ishlash va fasad vitrajlarini tayyorlash zavodi mavjud emas. Bu turdagi qurilish mahsulotlari Toshkent shahar va Xorazm viloyatidan yetkazib beriladi. Men esa zamonaviy shisha va fasad vitrajlarini viloyatimizda ishlab chiqarishni samarali tashkil etib,  uni nafaqat, respublika, balki, tashqi bozorga ham yetkazishni maqsad qilgandim. “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi Buxoro shahar filialidan imtiyozli 500 million soʻm kredit olib, oʻz tadbirkorligimni boshladim. Jami 200 mlrd soʻm mablagʻ evaziga tashkil etilgan zavodda chet eldan 7 ta maxsus apparat olib keldim. Bugungi kunga kelib esa, 30 nafar oʻz tengdoshimni ish bilan taʼminlashga erishdim va eng katta maqsadim yiliga 15 mlrd soʻm daromat olishni maqsad qilib oldim.

Sitora HAYDAROVA, “Peshkoʻ plass pover” MCHJ direktori, 25 yosh, Peshkoʻ tumani:

—  Turmush oʻrtogʻimning gʻoyasi bilan tumanimizda “Plastmassa quvur va profillar” ishlab chiqarish korxonasini ochishni maqsad qildim. Dastlabki mablagʻim 630 million soʻm oʻzimda mavjud edi, lekin korxonani ishga tushirish uchun menga yana mablagʻ kerak boʻldi. OAV orqali bong urayotgan reklamalardan birida Yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan yoshlarga imtiyozli kredit berilayotganini koʻrdim va jamgʻarmaning tuman filialiga murojaat qildim. “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi Peshkoʻ tuman filialidan 872 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit oldim  va tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydim.  Hozirda esa 10 nafar tenqurlarimni ish bilan taʼminlab, tumanimiz va viloyatimiz boʻylab plastmassa quvurlar va profillar yetkazib bermoqdamiz. Kelajakda faoliyatimni kengaytirib, yana 30 ta ish oʻrni yaratib,  Turkmaniston hamda Eron davlatlariga oʻz mahsulotlarimni olib chiqmoqchiman.

Abdurahim Abdurahmonov,  “Karvon saroy-2020” MCHJ direktori, 24 yosh,  Peshkoʻ tumani:

—  Buxoro davlat universiteti 3-bosqich talabasiman. “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi Peshkoʻ tuman filialidan kredit olishimdan maqsad tumanimizdagi “Ibn Sino” shoh koʻchasida xizmat koʻrsatish shahobchalari va bolalar maydonchasi mavjud emasligi boʻldi. Peshkoʻ tuman “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi direktori Alisher Toshev menga boʻsh turgan maydonda oʻz tadbirkorligimni boshlash uchun koʻmak berdi. U menga hududda xizmat koʻrsatish shaxobchasi va bolalar maydonchasi ochishni taklif qildi. Oʻz mablagʻim bilan birga jamgʻarmadan 600 million soʻm kredit mablagʻi oldim. Shuning evaziga 10 nafar doimiy va 20 nafar mavsumiy yoshlarni ish bilan taʼminlashga erishdim. Kelajakda tadbirkorligimni kengaytirib, tumanimizdagi ish bilan band boʻlmagan yoshlarni ish bilan taʼminlash niyatidaman va albatta, bunga erishaman.

Behzod Neʼmatov suhbatlashdi.