Kredit bor. Lekin berilmaydi!.

Shoshilinch pul kerak bo‘lib qoldi. …Hayotda har xil vaziyat bo‘ladi-ku.

Hozir, bilasiz, birovdan pul so‘rab turadigan zamon emas. Odamlarda pul yo‘q, desam xato bo‘ladi, lekin pulini kim ham naqd holatda saqlaydi hozir?! Sarmoyangiz aylanib, foyda keltirib turmasa, ertaga pista po‘choqqa teng bo‘lib qoladi. Buning ustiga, bozor iqtisodi. Hammayam tadbirkorlikning hadisini olgan.

Xullas, “Eng yaxshi variant bank krediti!”, degan fikrga keldim.
Surishtirsam, kreditning men eshitmagan bir necha turi bor ekan: “Iste’mol krediti”, “Mikrozaym”, “Overdraft”… yana nimalar. Buni qarangki, bankka bormasdan turib ham kredit olsa bo‘larkan. E’tibor bersam, deyarli hamma banklar shunday xizmatni taklif qilyapti.
Bir necha yil burun kredit masalasida bankka ishim tushgan. U paytlar tanish-bilishsiz pul olib bo‘lmasdi. Shuning uchun yugur-yuguri juda charchatgan, 2-3 oylik chop-chopdan keyin yangi oyoq kiyim sotib olgandim(!). “Hozir vaziyat butunlay o‘zgaribdi”, deb o‘yladim.
“Infinbank” ko‘zimga issiq ko‘rindi. Masofadan turib ham pul olish mumkin ekan-da. Tezda mobil ilovani yuklab olib, shaxsiy kabinet ochdim va zarur ma’lumotlarni to‘ldirdim. Menga ko‘p emas, bor-yo‘g‘i 10 million so‘m yetarli edi. Uzog‘i bilan 3 oyda qarzni qaytarishni rejalashtirdim.
Ilovada aytilishicha, so‘rovi­m­ning javobi 1 kundayoq ma’lum qilinadi. Lekin oradan 2-3 kun o‘tdi hamki, hech qanday javob ololmadim. Balki nimanidir noto‘g‘ri to‘ldirgan bo‘lsam kerak, deb o‘ylab, bankka o‘zim borishga qaror qildim. Har ehtimolga qarshi ish joyimdan so‘nggi bir yillik daromadim haqidagi ma’lumotnomani, shaxsimni tasdiqlovchi hujjatlarni ham oldim.
Bank xodimasi bilan yuzma-yuz bo‘lib, kredit olish maq­sadimni aytdim. U hujjatlarimni obdan tekshirib, 12 million so‘mgacha kredit olishim mumkinligini bildirdi. “Menga 10 million kifoya!”, dedim.
Shu orada mobil ilova orqali kredit uchun so‘rov jo‘natganimni, lekin hech qanday javob ololmaganimni aytdim. Xodima darrov sergak tortdi. So‘rov raqami bo‘yicha tegishli hamkasbidan murojaatim natijasini surishtirdi.
“Rad etilibdi!”.
Endi oradan bir oy o‘tmaguncha kredit masalasida bu bankka qayta murojaat qila olmas ekanman! Yana tag‘in, rad etilishining sababi menga oshkor qilinmasmish. Yoki bu ham bank sirimikan?..
Ana xolos! Bir oydan keyin menga pul kerak bo‘lmay qoladi — kech bo‘ladi…
Chiqmagan jondan umid, bosh­qa banklardan ma’lumot ola boshladim. “Davrbank”ning o‘zim yashaydigan tumandagi filiali bilan bog‘landim. Kredit bo‘limi xodimi muayyan muddatga naqd pul olib turishning shartlarini tu­shuntirdi. Yig‘ishim kerak bo‘lgan hujjatlarni sanadi.
Menda hamma hujjatlar tayyor. Ishim oson bitishini his qilib, ­quvondim.
Ertasi kuni ertalab ishga kelguncha bank eshigini qoqdim. Uzun bo‘yli kredit bo‘limi xodimi meni qarshi oldi. Kecha u bilan kredit masalasida gaplashganimni, hujjatlarni olib kelganimni aytdim. Buni qarangki, kechagina filial qanday kreditlar bera olishi, buning uchun qaysi hujjatlar lozimligi haqida ma’lumot bergan odam bugun “Biz hozir kredit bermayapmiz”, deb turibdi.
“Nega?”. Savolimga javoban turli bahonalar to‘qidi. Siquvga olaverganimdan keyin aytishicha, qariyb ikki oydan buyon kreditlar “yopiq” emish. “Unda meni ovora qilmasdan, kecha­ning o‘zida shu javobni aytsangiz bo‘lmasmidi?”…
Sezdimki, unda hech qanday vakolat yo‘q. “Tepadagilar” hech kimga kredit bermaslikni, lekin buni hech kimga sezdirmaslik­ni tayinlagan ko‘rinadi. Chunki kredit berish to‘xtatilgani to‘g‘risida hech qayerda rasmiy ma’lumot yo‘q.
Yo‘l-yo‘lakay “Kapitalbank”ning tuman filialiga bosh suqdim. Har tugul, bu yerda o‘tirgan xodim hozir kreditlar “yopiq”ligini ochiq aytdi. Ortiqcha ovora qilmagani uchun ham rahmat!
“Xalq banki”ning tuman filiali­dagilar arzimagan 10 millionni olish uchun bir dasta hujjat to‘plashim kerakligini, tag‘in oyiga 4-5 million so‘m daromad oladigan odamdan kafillik ham zarurligini uqtirishdi. Hujjatni to‘plab kelganim bilan kredit oli­shimga ishonchim komil bo‘lmagani uchun bu variantdan voz kechdim.
O‘zimizning ishxonaning hisob raqami “Milliy bank”da. Ya’ni biz shu bank mijozimiz. “Balki ular o‘z mijozlariga yo‘q deyishmas?”. Shu xayolda bank eshi­gidan hatladim. Meni 3-qavatga — kredit bo‘limiga yo‘naltirishdi. Ochiq chehra, gapga usta bir yi­git kutib oldi. Qayerda ishlashimni, ular­ning mijozi ekanimizni, naqd pul zarur bo‘lib qolganini… aytdim. U meni bank kreditlari bilan tanish­tirib, “overdraft” men uchun eng qulayligini, talab etiladigan hujjatlar ham ko‘p emasligini tu­shuntirdi. Birdan dilim yorishib, “Mana, hujjatlarim tayyor! Olib kelganman”, dedim.
Gapga chechan yigit ikkila­nib, o‘ylanib, nima deyarini bilmay o‘tirmadi. Gapni qanday qilib burgani hozir so‘zma-so‘z yodimda yo‘q, lekin u bank yaqindagina yangi dastur (tu­shunishimcha, yangicha tartibda ishlaydigan kompyuter dasturi bo‘lsa kerak — izoh muallifdan) asosida ishlay boshlaganini, ayni paytda bu dasturdagi ayrim nomuvofiqliklar kredit ajratishga yo‘l bermayotganini, yana 10-15 kundan keyin — keyingi oyning boshida kelsam, hammasi joyida bo‘lishini bildirdi…
Lekin yana o‘sha gap: menga pul shoshilinch ravishda ke­rak. 15 kundan keyin qo‘limda pul bo‘lishidan hech qanday naf yo‘q!
“Ravnaqbank”ka sim qoqdim. Ayni paytda kredit berilmayotganini ma’lum qilishdi. Holat shundayki, meni ortiqcha ovora qilmay, rostini aytgan banklardan xursand bo‘ldim! Aslida, kreditni olganimdan keyin shunday quvonishim kerak edi!
Qizig‘i, ayrim bank xodimlari qaysidir “finans”mi, “biznes”mi yoki “biznesmoliya”mi degan xususiy kredit tashkiloti qarz berayotganini, ularga murojaat etishim mumkinligini, lekin bank xodimi shunday tavsiya berganini hech kimga aytmasligimni qistirib qo‘yishdi. Ikki oyog‘im bir etikka tiqilib turgani uchun o‘sha xu­susiy tashkilotni ham qidirib bordim. Ko‘rdimki, kredit foizi juda baland va kredit ta’minoti uchun katta daromad ko‘rsatishim ke­rak ekan. Buning ustiga, kafil ham zarur. Ular talab etayotgan hujjatlarni to‘plagunimcha, biror serdaromad odamga yalinib, ka­fillik uchun ko‘ndirgunimcha “po­yezd o‘tib ketadi”.
Qo‘ltig‘imdan tarvuzim tushib, ishxonamga keldim. Hujjat yig‘ish uchun ketgan vaqtim, ovo­ragarchilik, banklar oralab zir yugurgan yo‘limni ko‘z ol­dimdan o‘tkazarkanman, daf’atan o‘yla­nib qoldim. Shu banklar, shu banklarning tepasida turganlar oddiy odamlarni o‘ylarmikan? Axir necha-nechasi mendek sarson bo‘lib yurgandir?! Mayli, kredit bermasin! Lekin shuni ochiq-oshkora aytib, e’lon qilib qo‘yishning iloji yo‘qmi? Nega odamlar sarson bo‘lishi kerak?
P.S.: Bu voqeaga bir oydan oshdi. Ehtimol, hozir bari boshqachadir?..

H.ABDULLAYEV

Yoshlarovozi.uzdan  olindi