Yoshlar haftaligi

“Yoshlar haftaligi” doirasida ertalabki badantarbiya ham o’tkazildi

Buxoro tumanida haftalik doirasida yoshlar bilan ertalabki badantarbiya  ham o’tkazilgani ayniqsa, quvonarli hol. Erta tongdan sport majmuasida jam bo’lgan yoshlar bir maqsad ya’ni sog’lom turmush tarziga rioya qilish, ham ruhan ham jismonan sog’lom bo’lish niyatida sport mashqlarini bajarishdi.

– Bir guruh yoshlarning maydon bo’ylab badantarbiya qilishlarini ko’rish juda zavqli, – deydi viloyat Kengashi raisi Zarif Komilov. Toza havo, salqin shabada, ko’zi Vatan ishqi ila yonayotgan yoshlar qurshovida biz ham sport mashqlarini bajardik. Bu kabi ishlarni esa yoshlar tashabbusini qo’llab-quvvatlagan holda nafaqat haftalik doirasida, balki yil davomida ham o’tkazishga kelishib oldi. Mana shu amaliy ishlar orqali Buxoro tumanidan mana-man degan chempionlar yetishib chiqishiga aminmiz.

Tashkilotchilar ertalabki badantarbiya yoshlarga erish tuyular deb salgina hayiqqan edi. Lekin ularning sportga bo’lgan  ishtiyoqi, kim o’zarga bellashishi ularning bu kabi musoboqalarga qiziqishi katta ekanligidan darakdir.

– Rostini aytganda, bugun erta tongdan do’stlarim bilan birgalikda bu kabi zavqli jarayonlarda ishtirok etish juda yoqdi, – deydi mahalla yoshlaridan biri Nodira Salixova. Ertalablari tonggi badantarbiyaga chiqish anchadan buyon rejamda bor edi. Lekin sherigim yo’qligi, erinchoqligim sababli rejamni amalga oshira olmayotgan edim. Bugun esa ko’p sonli yoshlar bilan birgalikda, eh-he buni shunchaki ta’riflash qiyin. Birgina istagim shu kabi tadbirlar yanada ko’proq o’tkazilsin.

Haftalik davom etmoqda