Haydovchilik guvohnomasisiz mast holda avtomobil boshqargan shaxsga jazo tayinlandi

Jamiyatda turli talofatlar va noxushliklarni oldini olish maqsadida mingdan oshiq qonun va qarorlar qabul qilingan. Ularga amal qilishda, ayniqsa, yo’l harakati bilan bog’liq bo’lsa, jiddiy e’tibor qaratish muhim. Chunki bu qonunbuzarlik jinoyatchigagina emas, boshqa shaxslarga ham ziyon yetkazishi mumkin.

2026-yil 12-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 131-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Qorako‘l tumani “Qorako‘l” MFYda yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan A.J ismli fuqaro 2026-yil 10-may kuni “Spark” rusumli avtomashinani mast holatda boshqargan. Buning ustiga haydovchilik huquqiga ham ega bo‘lmagan. Mazkur holat Qorako‘l tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ish materiallari va huquqbuzarning ko‘rsatmalari qabul qilingan. Mastlik holati qayd etilgan tibbiy ma’lumotnoma va boshqa dalillar sud tomonidan o‘rganilib, uning aybi to‘liq tasdiqlangan.

Sud majlisida huquqbuzar qilmishidan pushaymonligini bildirgan. Ming afsus bilan aybiga iqror holda qonuniy yengillik berishni so‘ragan. Biroq, endi kech. Har qanday qonun buzilishining jazosi tayin. Shunga ko’ra, sud huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasi, huquqbuzarning shaxsi va moddiy ahvolini inobatga olib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Shuningdek, ma’muriy qamoqda saqlash bilan bog‘liq 927 ming so‘m miqdoridagi xarajatlar huquqbuzardan undiriladigan bo‘ldi.

Dilmurod Qulliyev,

Qorako‘l tuman sudida raislik qiluvchi tergov sudyasi