Men — Qoyirova Dilnoza Buxoro viloyati, Buxoro shahar “Sharq Yulduzi” mahallasi yoshlar yetakchisiman. Yetakchi bo‘lishimga sabab — yoshlarga foydam tegishini istaganim, ularning muammolariga befarq qaray olmaganim bo‘ldi. Har bir yoshning dardi, orzusi va kelajagi men uchun muhim. Bugungi kunda mahallamizda 4 406 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 1 798 nafari yoshlar, 14–30 yoshdagilar esa 886 nafarni tashkil etadi. Har bir yosh bilan individual ishlash, ularning imkoniyatlarini ochish va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish — mening kundalik vazifamga aylangan.
Yil boshida mahallamizdagi barcha yoshlar bilan xatlov o‘tkazib, 886 nafar yoshdan iborat “Yoshlar balansi”ni shakllantirdim. Bu jarayonda faqat raqamlar bilan emas, balki har bir yigit-qizning bandligi, ta’limi, sog‘ligi, oilaviy holati va orzu-maqsadlari bilan yaqindan tanishdim.Natijada yoshlarning: 0,5 foizi “qizil”, 11,2 foizi “sariq”, 88,6 foizi “yashil” toifaga kiritildi. Bu ko‘rsatkichlar ortida aniq rejalar, individual yondashuv va turli yordamlar turibdi.
2025-yil davomida 5 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Ulardan 2 nafari muammosi hal etilib, daftardan chiqarildi. Kontrakt to‘lovlari uchun 7 million 685 ming so‘m mablag‘ ajratilishiga erishildi. Eng muhimi — yoshlar o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmadi va mahallamizda aniqlangan 16 nafar og‘ir toifadagi ishsiz yosh bilan manzilli ishladik. 5 nafar yosh doimiy ishga joylashdi, 7 nafari o‘zini-o‘zi band qildi, qolgan yoshlar o‘qish, migratsiya yoki yashash joyini o‘zgartirish orqali bandlikka yo‘naltirildi. Jumladan bitiruvchilar masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. 63 nafar bitiruvchi yosh bilan ishlanib: OTM, kasbiy ta’lim, xorijda o‘qish, ish bilan ta’minlash, kurslarga yo‘naltirish kabi ishlar amalga oshirildi.
Qolaversa milliy gvardiya bilan hamkorlikda 5 nafar murakkab toifadagi yosh otaliqqa olindi. Ular orasida probatsiyadagi, dars qoldiruvchi, giyohvandlikka moyil va agressiv xulq-atvorli yoshlar bor edi. Ular bilan individual ishlanib, kasbga, ta’limga va ijtimoiy hayotga qaytarildi. Bu — yetakchi faoliyatidagi eng mas’uliyatli yo‘nalishlardan biri deb hisoblayman. Mahallamizda 1 561 nafar yosh “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihalariga jalb qilindi. Sport musobaqalarida mahalla jamoalarimiz shaharda sovrinli o‘rinlarni egalladi. Bugun hududimizda maktab, sport maydonchasi, o‘quv markazlari va yoshlar uchun qulay maskanlar faoliyat yuritmoqda.
700 nafardan ortiq yoshlarim “Mutolaa”, “Ibrat Academy”, “Ustoz AI”, “UzChess”, “Qizlar akademiyasi” kabi mega loyihalarda faol ishtirok etib sertifikatlarni qoʻlga kiritmoqda. Yil yakuniga qadar yana 300 nafar yoshni ushbu loyihalarga jalb qilishni rejalashtirganman.
Shuni aytishim joizki, Albatta, faoliyat davomida qiyinchiliklar ham bo‘ldi: yoshlarning ishonchini qozonish, homiy topish, oilaviy muammolari og‘ir yoshlar bilan ishlash, ayrim masalalarning vaqt talab qilishi shunga qaramay aynan shu sinovlar meni yanada sabrli, tajribali va kuchli yetakchi bo‘lishga o‘rgatdi. Bugun mahallamizda: Workout maydonchasi, ko‘chma kutubxona tashkil etish, Yoshlar uchun axborot-resurs markazi ochish tashabbuslari ustida ishlamoqdaman. Men uchun eng katta natija — yoshlarning minnatdor nigohi, ularning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlardir. Yoshlar bilan ishlash — bu shunchaki vazifa emas, bu mas’uliyat, ishonch va kelajakka xizmatdir. Agar birgina yoshning hayoti yaxshi tomonga o‘zgarsa, demak, yetakchilik faoliyatim o‘z samarasini berdi.
Dilnoza Qodirova,
Buxoro shahar “Sharq yulduzi” mahalla yoshlar yetakchisi