BALANDLARGA ETAMIZ PARVOZ

Uyimiz oldida qurilgan yangi bolalar maydonchasidagi arg’imchoqda uchayotgan qo’shni qizaloq dugonalariga qarab qichqirdi: “Men uchyapman. Men balandga uchaman. “Ular undan balandroq uchishga intilishdi…

O’ylanib qolasan kishi, haqiqatdan yurtimiz mustaqilligi biz yoshlarning shu qizaloq aytganidek, balandga parvoz etishimizda quvonch baxsh etuvchi, ishonch hadya etuvchi, yutuqlarimizda qanot bo’lguvchi yuksak kuch vazifasini o’tamoqda, desak mubolag’a bo’lmaydi. Inson hayotida ozodlik muhim rol o’ynaydi. Odam ochlikka, suvsizlikka, chidashi mumkin. Biroq erksizlikka toqat qila olmasligi o’tmish sahifalaridan ma’lum.

Vatan ozodligi ajdodlarimizning buyuk armoni va muqaddas e’tiqodi bo’lib, ular bu yo’lda jonlarini fido qilishdan ham qaytmaganlar. Shiroq jasorati, To’maris mardligi, Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimiz, va XX asr boshlarida yashab o’tgan ma’rifatparvar bobolarimizning ozodlik yo’lidagi kurashi vatanparvarlikning yuksak namunasidir.

Darhaqiqat, Istiqlol sharofati bilan biz yoshlar orzulari betinim amalga oshmoqda. Ayniqsa, yoshlar masalalarining davlat siyosati darajsiga ko’tarilgani yigit-qizlar uchun muddao. Bugun o’zbek yoshlari xalqaro sport va fan olimpiadalarining yuqori shohsupalarini egallashmoqda. Ular yaratgan milliy hunarmandchiligimiz namunalari jahon e’tirofida. Fan va ixtiro borasida qo’lga kiritayotgan yutuqlarini aytmaysizmi…

Men ham tengdoshlarim singari yurtim ravnaqiga hissa qo’shish maqsadida bilim olyapman. Kelajakda bolalar yozuvchisi bo’lib, ular jajji olamining sof bo’lib qolishi, beg’ubor dunyosi rang-barangligini boyitish va nafislik baxsh etish uchun bor iste’dodimni sarflayman.

Yurtimiz iqtidorlarga boy. Iste’dod sohiblari bizda ҳech qachon nazardan chetda qolmaydi. Mening ham nasrga bo’lgan iqtidorim qo’llab-quvvatlanib 2012 yil Respublika “Adib” nashriyoti, “Ijod”  fondi tomonidan “Farishta Mim Sarguzashtlari “ nomli hikoyalar to’plamim 20000 nusxada chop etilganini  ana shu yuksak e’tibordan darak, deb bilaman.

Yurtboshimiz tashabbuslari bilan yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib,  2012 yili “Yurt kelajagi” Respublika tanlovi laureatiga aylangan bo’lsam, 2014 yilda xalqaro insholar ko’rik-tanlovida g’oliblikni qo’lga kiritdim. Bu menga Rossiya Federastiyasi bo’ylab sayohat qilishimda imkon yaratdi. Shuningdek, 2015 yili “Сказка в новогодную ночь”  xalqaro ko’rik-tanlovining proza yo’nalishi bo’yicha ikkinchi o’ringa sazovor bo’ldim.

Dunyoda minglab bolalar portlashlar natijasida halok bo’layotgan, ochlik va suvsizlikdan sillasi qurib, maktab neligini bilmay o’sib-unayotgan bir zamonda bizning yoshlar oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotganlari, har sohada o’zlarini sinab ko’rayotganlarida mustaqilligimiz nashidasi yotibdi. Men mustaqil yurt farzandi ekanligimdan, shu tinch o’lkada dunyoga kelganimdan faxrlanaman.  Biz o’sib kelayotgan yosh avlod ana shu tinchlikni kelgusi avlodlarga ham yetkazmog’imiz, mustaqilligimizni asramog’imiz  va yuksak e’tiborga munosib   javob qaytarmog’imiz shart. Bu,  nafaqat, ota-ona va ustozlarimiz, shuningdek, Vatan oldidagi burchimiz ham.

Rushana