KURASH BAHSLARI SHIDDATLI O`TDI

Xalqimizda or, nomus, matonat va shijoat azaldan ulug`lanib kelingan. Aynan ushbu jihatlar kurash sportida alohida ko’zga tashlanganligi uchun ham ushbu sport turi xalqimizning lozim topilsa birinchi raqamli milliy o’yini sifatida qadrlanadi.

Quvonarlisi shundaki, istiqlol yillarida kurash shunchaki milliy o’yin darajasidan o’sib, yildan yilga professional sport turi sifatida shakllandi. Uning rasmiy qonun qoidalari ishlab chiqilib, nafaqat yurtimiz, balki qit’a va jahon miqyosida turnir va chempionatlar o’tkazilmoqda. Bu orqali “Halol”, “Yonbosh”, “Chala”, “Dakki”, “Tanbeh” singari sof o’zbekona so’zlar ushbu sport turi atamasi sifatida jahon bo’ylab keng iste’molda qo’llanmoqda.

Mamlakatimizda kurashning bir necha turlari mavjud. Milliy kurashda esa asosan Buxoro kurashining ko’pgina elementlari asos qilib olingan.  Shu nuqtai nazardan “Ipak va ziravorlar” festivali doirasida o’tkazilgan kurash musobaqasi buxoroliklar va xorijlik tomoshabinlarning kuchli qiziqishiga sabab bo’ldi.

“Ark”  qo’rg’onida To’y kurashi tartibida o’tkazilgan musobaqada polvonlar o’rtaga qo’yilgan sovrin “tovoq”lar uchun o’zaro bel olishdilar. Unda chinni, gilam, mikroto’lqinli pech va boshqa qimmatbaho buyumlar qo’yilgan yuzdan ortiq “tovoq”lar bo’yicha murosasiz kurashlar bo’lib o’tdi.

Xususan, mikroto’lqinli pech, zamonaviy televizor “tovoq”lari uchun bahslarda buxorolik Nurbek To’raev hamda Erkin Doniyorovlar zafar quchishdi.

Nihoyat musobaqa yakunida o’rtaga tanlovning eng qimmatbaho sovrini qo’yildi. Tovoqqa tuya jonlig’i tikilgan bahsda surxondaryolik polvon Muhsin Hisomiddinov o’z tengsizligini namoyish etdi.