Mahalladagi imkoniyatlarni harakatga aylantirgan yoshlar yetakchisi

Yoshlar bilan ishlashda natija o‘z yo‘lini topgan insonlar, amalga oshgan tashabbuslar va yaratilgan imkoniyatlar bilan o‘lchanadi. Buxoro tumani Shergiron mahalla yoshlar yetakchisi Jaloliddin O‘g‘amurodov faoliyatida ham ana shu mezonlar ustuvor.

Mahallada 2 070 nafar yosh istiqomat qiladi. Ularning har biri o‘z qiziqishi, maqsadi va, shu bilan birga, muammolariga ega. Jaloliddin yetakchi sifatida ana shu ehtiyojlarni o‘rganish, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va mavjud imkoniyatlarni amaliy natijaga aylantirgan.

Masalan, 2025–2026-o‘quv yilida mahalladagi 54 nafar bitiruvchining bandligini ta’minlash va ular duch kelayotgan muammolarni tizimli hal etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Hozirga qadar ularning 40 nafari o‘z hayotida munosib o‘rin topib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan. Bu boradagi ishlar “E-yoshlar” platformasida ham o‘z aksini topmoqda. Yil boshidan buyon turli yo‘nalishlarda jami 93 nafar yoshga yordam ko‘rsatilgani mahalladagi ishlar ko‘lami haqida tasavvur beradi.

Natija izchil harakatdan boshlanadi

Jaloliddin O‘g‘amurodov faoliyatini boshlagan davrda Shergiron mahallasi elektron mega-loyihalar bo‘yicha ko‘rsatkichlarda viloyatning quyi o‘rinlarida edi. Izlanish, tashabbus va tizimli ishlar natijasida mahalla bugun viloyat miqyosida yuqori pog‘onalarga ko‘tarildi.

Bu o‘zgarishlar yoshlar yetakchisining shaxsiy kasbiy rivojlanishida ham muhim bosqich bo‘ldi. U 2026-yilda “Yetakchi Camp” loyihasining ikkinchi mavsumida ishtirok etib, iyun oyida Davlat va jamiyat boshqaruvi akademiyasida bir haftalik malaka oshirish kursini tamomladi. Shuningdek, “Top-100 yoshlar yetakchisi” ikkinchi mavsumi ro‘yxatiga kiritilib, munosib e’tirofga sazovor bo‘ldi. Salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritilgani esa uning faoliyatidagi yana bir muhim koʼrsatkichdir.

Yoshlar uchun sog‘lom muhit

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sportga qiziqishini oshirish ham yetakchi e’tiboridagi yo‘nalishlardan. Shu maqsadda Shergiron mahallasida ikkita yangi sport zali tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.

Endilikda mahalla yoshlari sport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha imkoniyatga ega. Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, u yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga, sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotning bir qismiga aylantirishga xizmat qiladi.

Yoshlar yetakchisining eng katta natijasi egallagan lavozimi yoki erishgan e’tirofi bilan oʼlchanmaydi. Aksincha, mahalladagi yoshlarning hayotida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarda aks etadi. Jaloliddin esa bu oʼzgarishlarga faol hissa qoʼshmoqda.