Dekabr yaqin! Qishga tayyormisiz?

Sovuq tushaversin yoki qor yog‘ishini kutaman,demang. Bir daqiqa ajratsangiz, kerakli tavsiyalarni bilib olasiz!

Qishdan oldin nimalarga e’tibor berish kerakligini amaliy, huquqiy va ijtimoiy jihatdan qisqacha yozib chiqdik. 

Avval uyni tayyorlaymiz

Isitish asboblari, gaz plita va tutun yo’llarini sovuq tushmasidan oldin tekshirtirib qo’ying. Buning uchun malakali mutaxassisga murojaat qiling. Deraza va eshiklardagi yoriqlarni berkitsangiz, issiqlik tashqariga chiqib ketmaydi. Qalin parda osish ham yordam beradi. Ko’p qavatli uyda yashasangiz, batareyalar ishlayotganini mavzum boshida tekshirib oling.

Xavfsizlik hammasidan muhim

Gaz hidi sezilsa, o’t yoqmang va elektr tugmalarini bosmang. Derazalarni ochib tashqariga chiqing-da, “104” raqamiga qo’ng’iroq qiling. Yopiq xonada ko’mir, o’tin yoki mangal yoqmang, chunki is gazidan zaharlanish xavfi katta. Bitta rozetkaga bir nechta isitgich ulash ham yong’inga olib kelishi mumkin.
Yong’in bo’lsa “101”, boshqa favqulodda holatlarda “1050” raqamiga qo’ng’iroq qiling. Uyda o’t o’chirgich va tutun datchigi bo’lsa, yanada yaxshi.

‍‍ Yonimizdagilarni unutmaylik

Qishda eng qiyin ahvolda qoladiganlar yolg’iz keksalar, nogironligi bor insonlar va ko’p bolali oilalardir. Ular ko’pincha aynan sizning qo’shnilaringiz bo’ladi. Shu bois bir marta eshigini taqillatib, ahvolini so’rang. Yordam kerak bo’lsa, mahalla yoki ijtimoiy himoya xodimlariga xabar berishingiz mumkin. Uyda yaroqli issiq kiyim va ko’rpa-to’shaklar ortib qolgan bo’lsa, muhtojlarga bering. Ko’chadagi hayvonlar uchun sovuqdan pana joy qoldirsangiz, savob bo’ladi

⚖️ Huquqlaringizni biling

Kommunal xizmatlar (isitish, gaz, elektr, suv) uchun haq to’layapsiz, demak, bu xizmatlar shartnoma va qonunchilikda belgilangan sifatda ko’rsatilishi shart. Isitish yoki gaz uzilib qolsa, avval xizmat ko’rsatuvchi tashkilotga rasmiy yo’l bilan murojaat qiling. Murojaat sanasi va raqamini saqlab qo’ying. Muammo hal bo’lmasa, yuqori tashkilotlarga, shikoyat yo’llashingiz mumkin. Mabodo, sifatsiz xizmat koʼrsatilsa, to’lovni qayta hisoblashni talab qilishga haqingiz bor.

Ijarada yashasangiz, isitish va kommunal to’lovlarni kim to’lashi shartnomada yozilgan bo’lishi kerak. Og’zaki kelishuvga tayanib bo’lmaydi. Nizo chiqib qolsa, dalil kerak bo’ladi, shuning uchun foto va videolarni sanasi bilan saqlab qo’ying