Vaqt o‘tadi, sahifalar almashadi, tarix bitiladi. Har bir davrning o‘z qahramonlari — el dardi bilan yashagan, xalq baxti uchun yongan, o‘z yurti sharafini dunyoga tanitgan farzandlari bo‘ladi. O‘zbekiston ham bugun ana shunday fidoyi, o‘z ishining ustasi bo‘lgan, millat uchun qunt bilan xizmat qilayotgan yangi avlod qahramonlariga boy. Ular hayotning turli jabhalarida — sahnada, siyosatda, ilmda yoki oddiy xalq orasida bo‘lishi mumkin. Ammo ularni birlashtirib turadigan narsa — Vatanga muhabbat, xalq xizmatiga sadoqatdir. Shunday insonlarning bir nechtasini sizga tanishtirmoqchiman.
Alisher Sa’dullayev — yoshlar umidini yelkasida ko‘tarib kelayotgan rahbar
Har bir avlodning o‘z ovozi, o‘z so‘zi bo‘ladi. Bugungi O‘zbekiston yoshlari uchun bu ovoz, shubhasiz, Alisher Sa’dullayevdir. U 31 yoshda, biroq yoshligiga qaramay, allaqachon mamlakat miqyosidagi islohotlarda muhim rol o‘ynab ulgurgan. Hozirda u Yoshlar ishlari agentligi direktori lavozimida ishlamoqda. Uning tashabbuslari — “WikiStipendiya” loyihasi, “Yosh kitobxon” tanlovlari, IELTS sertifikati olgan yoshlarga berilayotgan grantlar — oddiy tashabbus emas, balki yangi o‘zbek yoshlari ongida o‘zgarish yasayotgan harakatlardir.
Mehrinoz Abbosova — so‘zning sehrini yurakka tikkan shoira
Mehrinoz Abbosova — nafaqat adabiy, balki ijtimoiy maydonda ham yorqin ijodkor. U yoshligidan qalamga oshno bo‘lgan, so‘z bilan jamiyatni uyg‘otishga bel bog‘lagan. “Men yoshlikman” va “Yulduzrang qo‘shiqlar” kabi she’riy to‘plamlari uning ruhiyatidan, jamiyatga befarq bo‘lmagan yuragidan darak beradi. U bugungi kunda Yoshlar ishlari agentligida davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlaydi. Davlat tilining yuksalishi uchun olib borayotgan sa’y-harakatlari, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashdagi tashabbuslari uni shunchaki shoira emas, balki ma’naviyat fidoyisiga aylantirgan. Mehrinoz — o‘zining so‘zi bilan yuraklarga yo‘l topgan zamonaviy Zulfiyadir.
Shohida Ibragimova — ayollar kuchiga ishongan lider
Zamon o‘zgardi, ayol obraziga bo‘lgan qarashlar yangilandi. Bugungi o‘zbek jamiyatida ayollar nafaqat mehr-muhabbat timsoli, balki iqtisod, biznes, fan, moliya kabi sohalarda ham yetakchi bo‘lib bormoqda. Shohida Ibragimova ana shunday o‘zgarishlarning yuziga aylandi. U bugungi kunga qadar 30 mingdan ortiq ayolga moliyaviy savodxonlik darslarini o‘tkazdi. U asos solgan “Ayol” mikromoliya tashkiloti orqali minglab ayollar o‘z bizneslarini boshlashga, oilaviy farovonligini oshirishga erishdi. Shohida Ibragimova Markaziy Osiyo Universitetida prorektor lavozimida faoliyat olib boradi. U “har bir ayol mustaqil va moliyaviy jihatdan kuchli bo‘lishi kerak” degan g‘oyani hayotga joriy etayotgan haqiqiy zamonaviy qahramondir.
Alisher — islohotlar ruhida yetishgan yosh lider. Mehrinoz — so‘z qudrati bilan jamiyatni uyg‘otayotgan ijodkor. Shohida — ayollarning moliyaviy mustaqilligini targ‘ib qilayotgan jasoratli ayol. Ular — zamonimiz qahramonlari. Ular orqasida yosh avlod yengilmas irodani ko‘radi, millat ulug‘vorligini his etadi.
Shaxrizodabonu Saidova,
O’zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti talabasi


