Kitob umr yoʻllarini yorituvchi soʻnmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, har qanday vaziyatda ham hamroh boʻluvchi sodiq doʻst. Insonning maʼnaviy kamolotini taʼminlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yoʻq. Shu bois azal-azaldan maʼrifat peshvolari, ahli donishlar butun insoniyatni kitob oʻqishga, undan ilmu odob sirlarini oʻrganishga chorlab kelishgan. Bugungi kunda mamlakatimizda kitobga va uni oʻqishga eʼtibor ortib bormoqda. Shu jihatdan Oʻzbek adibi A.Qodiriy tavalludining 130 yilligi munosabati bilan “Abdulla Qodiriyning yurt qayg’usi haqida bebaho asarlar” kitobi taqdimoti” mavzusida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti Axborot resurs markazida talabalar bilan davra suhbati tashkil etildi. Dastlab, markaz kutubxonachisi Maxsuma Barotova, Maxbuba Teshayeva hamda Shohista Hojiyevalar Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi hamda asarlari haqida batafsil ma’lumot berib o’tishdi.
– Abdulla Qodiriy oʻz davrining buyuk adibi bo’lgan qolaversa, hozirgi kunga qadar oʻz asarlari bilan mashhur yozuvchilar qatorida turadi. Uning asarlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan va undagi gʻoyalar bugunning aksi hisoblanadi. Shu uchun qaysi davr bo’lmasin uning asarlarini doim o’qish lozim,- deydi Maxsuma Barotova.
Suhbat oxirida talabalar Qodiriy asarlaridan namunalar o’qib berishdi. Uning qalamiga mansub kitoblar bo’yicha fikrlarini bildirib, o’z mulohazalari aytib o’tishdi.