ORZULARI BISYOR NILUFAR

Xabaringiz bor yaqindagina 11 yil davomida a’lo baholari, namunali xulqi, jamoat ishlarida faolligi, turli fan olimpiadalarida ishtiroki hamda tengdoshlariga o’rnak bo’lgan tumanlardagi umumta’lim maktabi iqtidorli bitiruvchilari oltin va kumush medallar bilan taqdirlandilar. Ana shunday rag’batga munosib ko’rilgan tirishqoq kogonlik yoshlardan biri Nilufar Akramova yutuqlari bilan bo’lishamiz. Har tomonlama tengdoshlariga chinakam namuna bo’la oladigan Nilufar Akramova Kogon tumanida joylashgan 3-umumta’lim maktabi bitiruvchisi hisoblanadi. Nilufar o’qishga bo’lgan qiziqishi, tirishqoqligi sababli, ustozlarning sevimli o’quvchisiga aylangan deydi – maktab direktori Hurmat opa Tursunova.

U dastlabki yutug’iga 6-sinfda ekanligida erishgan.  Fanlar orasida Ona tili va adabiyot faniga qizishi hamda a’lo o’qishi tufayli, 2017-2018-o’quv yilida 6-sinflar o’rtasida ona tili va adabiyot fanidan o’tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”ning Kogon tumani bosqichida faxrli 1-o’rinni egallaydi.

Shuningdek 2018-2019-o’quv yilida 7-sinflar o’rtasida ona tili va adabiyot fanidan o’tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”ning tuman bosqichida faxrli 1-o’rinni egallab, viloyat bosqichining “Bilimlar festivali”da munosib ishtirok etgan.

2022-2023-o’quv yilida 11-sinflar o’rtasida ona tili va adabiyot fanidan o’tkazilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichida faxrli 2-o’rinni egallab, respublika bosqichida faol qatnashib, faxrli o’rinlarga munosib ko’rildi.

Shu bilan birga qahramonimiz ko’pgina tanlovlarda g’oliblikni qo’lga kiritgan.

Nilufar Akramova kelajakda ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi bo’lib, o’z sohasining yetuk mutaxassisi bo’lishni orzu qiladi. Orzularidek oppoq ko’ngil egasining ayniqsa, ijodga bo’lgan qiziqishi tahsinga sazovordir. Adabiyotga bo’lgan qiziqishi uni ijod sari yo’lladi va she’r yozish sevimli mashg’ulotiga aylandi. Uning ”Bag’rimda gul ochgan bahor “mavzusidagi 1-she’r va hikoyalar to’plamining bosilishi ijodkor qizimizga yanada ulkan kuch baxsh etdi. Nilufarning bir nechta ijod namunalari respublikamizning bir qator gazeta va jurnallarida chop etildi.

Kogonlik bo’lajak muallima uchun ayniqsa 2023-yil omadli keldi desak hech ham mubolag’a bo’lmaydi. U oltin medalga loyiq deb topilishi bejizga emas albatta. Joriy yilda Nilufar Ona tili fanidan o’tkazilgan milliy sertifikat imtihonida qatnashib 78,4 ballni, inliz tilidan til bilish darajasini belgilovchi IELTS imtihonida qatnashib, 7 ball bilan sertifikatni qo’lga kiritdi. Bu kabi yutuqlar hali Nilufarda bisyor!

Barcha yutuqlarim, ustozlarim mehnatlari deb bilaman deydi qahramonimiz. Albatta yosh avlodning unib kamol topishida ustozlarning o’rni beqiyos. Nilufarning ustoz-murabbiylariga tashakkur aytgan holda, uning kelajakdagi o’qishlariga omad va zafarlar tilaymiz.