Ziyorat turizmi bo’yicha birinchi Xalqaro forum o’z ishini boshladi!

Mamlakat sayyohlik imkoniyatlari va salohiyatini targ’ib etish, shuningdek, O’zbekistonni islom dunyosida ziyorat-turizmi bo’yicha yirik markazlardan biri sifatida xalqaro e’tirof etish maqsadida O’zbekistonda Ziyorat turizmi bo’yicha birinchi Xalqaro forum bo’lib o’tyapti.

Forum O’zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi tomonidan Buxoro viloyati hokimligi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo’yicha qo’mitasi, O’zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda ISESCO va UNWTO ko’magi ostida “O’zbekiston havo yo’llari” bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Erta tongdan Buxoroda tantanali kutib olingan forum ishtirokchilari hududdagi diqqatga sazovor joylar, ziyorat-turizmning bir qator obyektlari, jumladan, Bahouddin Naqshbandiy ziyoratgohini tomosha qilishdi.

Har bir obyekt mehmonlarda qadimiy ko’rinishi, buyuk tarixi, o’tgan vaqt mobaynida aslini yo’qotmagan mahobati bilan katta taassurot qoldirdi. shu bilan bir qatorda, soha mutaxassislari tomonidan berilgan ma’lumotlar mehmonlarning qiziqishini yanada orttirdi.

Forumning asosiy tadbir va uchrashuvlari Buxoro yoshlar markazida o’tkazilishi rejalashtirilgan bo’lib, ularning  yuqori saviyada o’tishi uchun tayyorgarlik ishlari ko’rilgan.

Kalligraf, miniatyura, kulolchilik va yog’och o’ymakorligi va boshqa yo’nalishlar bo’yicha tashkil etilgan hunarmandchilik ko’rgazmalari Buxoroning buyuk o’tmishi va mehnatsevar xalqining ijodiy qobiliyatini o’zida aks ettirgan.

 

Zarnigor Nafiddinova

O’zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi matbuot kotibi