Pedagogik texnologiyalarni qo’llagan holda ta’lim-tarbiya sohasida yuqori natijalarga ega maktablar, kollej va akademik litseylar o’rtasida viloyatning eng yaxshi maktabi hamda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi ko’rik-tanlovi g’oliblari hamda fanlarni chuqur o’zlashtirishi, xulq-atvori bilan boshqalarga namuna bo’lgan o’quvchilar viloyat hokimi stipendiyasiga ega bo’lishdi. Ular tantanali ravishda mukofot va diplomlar bilan taqdirlanishdi.
Viloyat rahbari ko’rik-tanlovda g’olib chiqib, 2016-2017 o’quv yili uchun stipendiyaga munosib topilgan 20 nafar maktab o’quvchisi va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari vakillaridan 13 nafariga tegishli guvohnomalar hamda xalqaro fan olimpiadasi sovrindorlariga tashakkurnomalarni topshirdi.
– Men baxtiyor yoshman, – dedi tantanada mukofotlangan Buxoro tuman Sanoat kasb-hunar kolleji o’quvchisi Sa’dullo Ochilov,- Albatta, bu yutuqlarim Davlatimizning biz yoshlarga e’tibori mevasidir. Men mazkur rag’batdan foydalanib, yanada yaxshi o’qishga harakat qilaman.
“Yilning eng yaxshi maktabi” tanlovida G’ijduvon tumanidagi 62-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi g’olib chiqib, zamonaviy kompyuter majmuasi bilan taqdirlandi. Ikkinchi va uchinchi o’rinlar esa tegishli ravishda Jondor tumanidagi 22-maktab va Kogon shahridagi 9-umumta’lim maktablariga nasib etdi.
“Eng namunali kasb-hunar ta’limi muassasasi” tanlovida esa G’ijduvon Agrosanoat kasb-hunar kolleji tengsiz, deb topildi. Shuningdek, Buxoro san’at kolleji va Vobkent maishiy kasb-hunar kolleji ham sovrindorlar safidan o’rin olishdi.
Viloyat hokimi tanlovda e’tirof etilganlarni qutlab, ularga muvaffaqiyat tiladi.