MUHABBAT TUKLIYEVA — UMIDLI YOSH SPORTCHI

 2024 yil — Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili

Yurtimizda sport ravnaqiga, xalqimizni sportga ommaviy tarzda keng jalb etishga, ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni har jihatdan yetuk va komil insonlar bo‘lib kamolga yetishlariga hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy samaralarini berayotgani quvonarli.

Muhabbat Tukliyeva Buxoro shahridagi 29-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabining 4-sinfida o‘qiydi. Muhabbat maktabga qadam qo‘ygan ilk kunlaridan shu kunga qadar bilimga chanqoq, tirishqoqligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

— U nafaqat fanlardan a’lo baholarda o‘qiydi, balki sport yo‘nalishida ham bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Uni doimo tengdoshlariga o‘rnak sifatida ko‘rsatamiz, — deydi mazkur muassasaning fidoyi muallimasi Dilrabo Fayzulloyeva.

Muhabbat bolaligidan sportga qiziqib, nafis sport turi bo‘lmish gimnastika bilan shug‘ullanishni boshlab, bugungi kunga kelib bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritib, maktab faxri bo‘lib kelmoqda. U bir necha yillardan buyon xalqaro sport musobaqalarida ham faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Kuni kecha faol singlimiz Ojarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan “GymStar International Cup” xalqaro musobaqasida o‘z yosh toifasida ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, viloyat ahlini yana bir bor mamnun etdi. Qolaversa, Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha “Mensulu”, Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan “Жемчужина востокс”, “Золотие минарети”, “Ташкентская осень” ochiq turnirida faxrli 1-o‘rinni, “Финал Кубка России” ochiq turnirida faxrli 2-o‘rinni egallagan singlimizdan umidimiz katta.

Zero, imkoniyatlar mamlakatida har bir dadil qadam o‘zining ijobiy samarasini berishi muqarrar.

Donishmandlar aytganidek:

Umid bilan suqilgan tayoq

Bir kun berar mevayu yaproq. 

Dilnavoz TO‘XTAYЕVA, 

                                              “Buxoro yoshlari” muxbiri