“Yosh vrach kundaligi” dan ta’sirlanib…

Dunyoda shunday kasb egalari borki, ular o’zgalar hayotini saqlab qolishni maqsad qiladilar, har qanday vaziyat, holat, sharoitda o’z vazifalarini bajarishga harakat qiladilar, o’z dardini unutib bemorlar dardi bilan yashaydilar. Ha, bu shubhasiz shifokorlardir.

Mixail Bulgakovning “Yosh vrach kundaligi” asari bosh qahramoni ham endigina oliygohni tamomlab, chekka qishloqqa yuborilgan yosh vrach. Ya’ni bir vaqtning o’zida ham jarroh, ham terapevt, ham pediatr, ham dermatovenerolog, ham ginekolog xullas, tibbiyotning barcha sohalarini birdek bajarib ketuvchi universal vrach. Albatta u turli xil vaziyatlarda o’zini yo’qotib ham qo’ydi, xatolar ham qildi, vazifasini mohirlik bilan ham bajara oldi, og’ir bemorlarni ham o’limdan asrab qola oldi, ya’ni nima bo’lishidan qat’iy nazar hech qachon qiyinchilik oldida to’xtab qolmadi, doimo o’z ustida ishladi, kamchiliklarini ko’ra oldi, va nihoyat kutilgan natijaga erishdi.

Kitobni o’qir ekanman, o’zimning ham birinchi marta poliklinikaga ishga tushgan davrimni yodga oldim. Xuddi shu vrachnikiga o’xshash vaziyatlar menda ham kuzatilgandi. Eshigim oldiga kelgan bemorlar “Shu bizning vrachmi, nega yosh, oliygohni bitirganmi o’zi, diplomi bormi?”-, kabi savollarni menga eshitiladigan darajada gapirib keyin yo’qolib qolishardi. Yordam berganimdan keyin esa menga ishona boshlashardi. Negadir ko’pchilik vrach deganda xayoliga sochlariga oq tushgan, yuzlari ajin bosgan, ko’zaynak taqqan yoshi katta insonlarni tushunadi. Yosh bo’lsa demak, yaxshi bilmaydi, malakasi yo’q deb hisoblashadi. Aslida shunday holatlarning guvohi bo’ldimki, yoshi katta vrachlarning hammasi ham malakali emas, o’z ustida ishlamaydi.

Asarni nafaqat tibbiyotga aloqador insonlarga, balkim barcha kitobxonlarga tavsiya qilgan bo’lardim. Balki shu kitobni o’qib vrachlarni tushunarsiz. Ulardan talab qilish shunchaki oson ekanligini bilarsiz. Lekin baribir tibbiyotga aloqasi borlar ushbu kitobni maza qilib o’qiydi, ayniqsa kasallikning klinikasini bilgani uchun ham qahramon vrach nimani o’ylaganini tushuna oladi.

Xullas, vrachlikni tanlading degani umrbod o’qiysan, o’z ustingda ishlaysan degani. Ushbu kitob yaxshigina motivatsiya bera oladi, tibbiyot hali rivojlanmagan davrlarga oyna tutib bergan.

Kitobni chiqarishdan oldin vrachlarga o’qitib ko’rishganmi, yo’qmi bilmadimu, lekin ayrim tibbiy atamalar, jumlalar to’g’ri ishlatilmagan. Albatta bunga oddiy kitobxonlar tushunmay o’tib ketishi mumkin, lekin mening e’tiborimdan chetda qolmadi.

Dildora KARIMOVA