O`ZBEKNING BEK AVLODLARIMIZ!

G`urur

          Dunyo naqadar keng. Bu, kenglikda millat-elatlar juda ko’p. Shu millat-u elatlar ichra o’zbek xalqi eng bolajon millatdir. Bu xalqning har bir vakili bolalarni juda sevadi va ardoqlaydi.  Shuning uchun ham “Bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor”,-deya aytadi. Shu cheksiz muhabbati tufayli har bir  ezgu tilagini farzandiga ataydi. Yosh kelin-kuyovga bildirilgan ilk tilak ham qo’sha qarib, o’zidan ko’paysin, deb bildirilgan tilak bo’ladi. Kattalar bolalarni erkalatishganda “ko’zimnimng oq-u qorasi, ertam, tayanchim”, deyishadi. Yana bir gap: yangi tug’ulgan chaqaloqni cheksiz mehr bilan avaylab, uning yonida faqat ezgu so’zlar, ezgu tilaklar aytishadi. Chunki bola yonida aytilgan har bir so’z uning tarbiyasiga ta’sir ko’rsatishini O`zbek yaxshi biladi. Kattalar bola tarbiyasini go`daklik chog’idayoq boshlaydilar. Bu e’tiborning o’ziyoq O`zbekning bolaga bo’lgan mehri, muhabbati cheksizligini ko’rsatadi. Bu mehr-muhabbat  O`zbek yaratgan kinofilmlarda ham yaqqol aksini topgan. Masalan, “Toshkent – non shahri” kinofilmida urush davridagi qiyinchiliklardan hayiqmay o’n ikki bolaga uyidan va qalbidan birday joy berolgan oddiygina O`zbek xonadoni tasvirlangan. Farzandga cheksiz mehr ko’rsatish tuyg’usila o’sgan  bu xonadon vakillari bolalarning xor bo’lishiga chidab turolmaganlar. Bunday jasorat ko’rsatgan oilalar juda ko’p bo’lgan. Kino qahramonlari bularning ekrandagi bir tasviridir. Ular millat ajratmay, bolalarga qo’llaridan kelgunicha yordam berishgan. Bunday matonat, mehr oldida jahon  xalqi loldir.

Farzandini o`z kelajagi deb biluvchi O`zbek uning tarbiyasiga alohida e’tibor qaratadi. Oddiy misol: o`n oylik bolaga odobning boshi bo’luvchi  “Assalomu alaykum” kalomini o’rgatadi. Yoki  yosh bola o`zidan sal kattaroq bolani urish uchun qo’l ko’tarsa, shunda unga bunday qilish  mumkin emasligi, chunki o’zidan kattaga ham, kichikka ham qo`l ko`tarish ma’qul emasligi tushuntiriladi. Aqlini endi taniyotgan bola bu so’zlarning ma’nosini qayerdan ham tushunsin, deya o’ylab qolamiz. Ammo O`zbek unday demaydi. Ta’lim-tarbiya, odob hatto, ona qornidan boshlanadi, degan fikrga qat’iy amal qiladi. Shuning uchun O`zbek bolasiga, avvalo, yaxshi tarbiya bermoqqa intiladi. Shu bilan birga, bog’bon niholni qanday ardoqlasa,  O`zbek o`z farzandini “daydi shamollardan” shunday avaylaydi. U farzandiga dunyodagi barcha ezguliklarni tilab, o’zi yetmagan orzular ro’yobini farzandida ko’radi.

Xalqimiz tarixini o’rganar ekanmiz, doimo farzandga alohida e’tiborni  ko’ramiz. Hozirgi kunda esa yosh avlodga bo’lgan e’tibor juda yuksak darajada. Jahon talablari va standartlariga mos bilim dargohlari, zamonaviy jihozlar bilan ta`minlangan darsxonalar, so’nggi rusmdagi kompyuter jamlanmalari, boy kutubxona, eng so’nggi ma’lumotlarini o’zida jamlagan o’quv darsliklari, biri-biridan ajoyibturfa to’garaklar, iste`dodli yoshlarni rag’batlantirib boruvchi qator tanlovlar, eng asosiysi, bilimi va malakasi yetuk ustozlar ko’magi – bari yosh avlodning yetuk shaxs bo’lib o`sishi uchundir. Bilim cho’qqilarini a’lo darajada egallayotgan bilimdonlar behisob. Bilim dargohlarini tugatgan yoshlarning bari ish bilan ta’minlanmoqda. O’z ishini boshlamoqchi bo`lgan yoshlarga davlat turli miqdorgi kreditlar ajratmoqda. Bundan tashqari, yoshlarni davlat har tomonlama himoya qilmoqda.

Yoshlarning huquq va erkinliklari davlat tomonidan kafolatlanmoqda.  Yosh avlod uchun barcha sharoitlar yaratilgani istiqlol sabablidir. Biz O`zbekning bek avlodlari ham bunga javoban yetuk shaxs bo’lib yetishib, yurtimiz dovrug’ini jahonga yoyamiz.

 Go`zal SALOHIDDINOVA,    

 BuxDU qoshidagi 1-son akademik litsey o`quvchisi.