Osmoni musaffo, xalqining bag‘ri keng, dala-yu bog‘lari obod, hayoti farovon yurtda yashash har bir insonning baxtidir. Men, ana shunday insonlar qatorida ekanligimdan faxrlanaman. Ayniqsa, yurtimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar tufayli bugun orzular sari intilmoqdaman.
Maktabda kelajak ulg‘ayadi. Buyuk istiqbolga eltuvchi yo‘l aslida uning pillapoyalaridan boshlanadi. Ilk bolaligimni o‘quvchilik davriga aylantirgan eng birinchi maktabim Kogon tumanining chekka bir qishlog‘idagi zamonaviy tipda qurilgan 7-son umumta’lim maktabida olgan ta’lim-tarbiyam bir umr men uchun yo‘limni yorituvchi mash’al bo’ldi. Bu maskanda ustozim Dildora To‘rayevaning bergan ta’lim-tarbiyalari tufayli fan yo‘lidagi ilk yutug‘imga eshik ochdi. 4-sinfdayoq matematika fani bo‘yicha olimpiada g‘olibi bo‘lish men uchun orzular, intilishlar, izlanishlar tuyg‘usini hadya etdi. Uyda otam va onam, maktabda ustozlarim rahnamoligida bilimlarimni chuqurlashtirishga harakat qildim. Respublika miqyosida bo‘lib o‘tgan “Bilimlar sinovi”dagi yutuqlarimga Buxoro shahridagi 35-umumta’lim maktabi Gulchehra Muhammedovna boshchiligidagi pedagogik jamoasining menga bo‘lgan e’tibori matematika fanining sarhad bilmas kengliklariga, uning tengsiz ajoyib olamiga olib kirdi. Bu olam yildan yilga meni o‘ziga maftun etdi.
Endi butun orzuim, butun borlig‘im, butun fikr-u zikrim fanlarning shohi bo‘lmish matematika bilan go‘zal edi. 35-ta’lim maskanida o‘qib yurgan kezlarim bilimlarimning sinov davriga to‘g‘ri keldi.
2010-2011 o‘quv yilida bilimlar sinovida matematika fanidan maktab va shahar bosqichida I o‘rinni, 2011-2012 o‘quv yilida esa olimpiadada maktab va shahar bosqichida I o‘rin, viloyat bosqichida III o‘rinni qo‘lga kiritdim. Shu bellashuvlar mobaynida bir nechta bilimdon yoshlar bilan tanishdim, ular bilan do‘stlashib, ilm borasida suhbatlar olib bordim. Ayniqsa, Qorako‘l tuman yoshlarining matematika faniga bo‘lgan qiziqishlari, bilimlarining kengligi bilan menda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Men ham ular qatorida bo‘lish istagi bilan o‘rta umumta’lim maktabini tugallagach, Buxoro Davlat universiteti qoshidagi 3-son Qorako‘l akademik litseyiga o‘qishga bordim. Bu yer haqiqiy bilimlar maskani edi. Jahonga yuz tutgan bilim maskanining o‘quvchisi bo‘lish ham faxr, ham tengsiz mas’uliyat hissini uyg‘otdi. Bu maskanga munosib o‘quvchi bo‘lish meni tinimsiz mehnat qilishga, o‘z ustimda ishlashga undar edi. Ustozlarim Halim Rasulov, Rahimjon Fayziyev, Mirshod Ergashev, Jumanazar Mustafoyev, Hazrat Rahimovlarning e’tiborlari tufayli matematika fani sirli olamining haqiqiy muxlisiga aylandim. Endi bu fanga o‘zimning ham hissamni qo‘shish istagi uyg‘ondi. Ustozlarim ko‘magida tengdoshlarim uchun geometriyani o‘rganishni yengillashtirish maqsadida “Geometriyani o‘rganamiz” nomli qo‘llanmani yozishga kirishdim, hamda ustozim Hakim Axmedov boshchiligida qo‘llanmaning ikkinchi bobida keltirilgan “Fazoda Dekart koordinatalar sistemasi” mavzusini yanada kengroq yoritish maqsadida “Koordinatalar usuli bilan stereometriya masalalarini yechish” nomli kichik ilmiy maqolani “Pedagogik mahorat” ilmiy jurnaliga chop ettirdim. Darsdan bo‘sh paytlarimda Toshkentdagi “Qorako‘l-Ziyo nur” o‘quv markazida bilimlarimni chuqurlash-tirdim. Uyda bo‘lgan paytlarimda kompyuter orqali “Qorako‘l-Ziyo nur” saytida bo‘lib o‘tadigan onlayn olimpiadalarida qatnashib turdim. Hozir elektron kutubxonamda 400 dan ziyod o‘zbek, rus, ingliz tillarida matematika faniga oid ilmiy kitoblarning mavjudligi, bu kitoblar orasida Polsha, Vengriya va Moskvada bo‘lib o‘tgan jahon olimpiada masalalar to‘plamlarining borligi, 1986 yildan to shu kunga qadar Rossiyada chop etilgan “Kvant” jurnalining barcha nusxasining borligi menga ilm cho‘qqisini egallashga katta imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Ayniqsa “Geometriyani o‘rganamiz” nomli qo‘llanmani nashr etishda yoshlar ijtimoiy harakatining qo‘llab–quvvatlashi meni va ustozlarimni yanada quvontirdi.
Istiqlolga erishganimizning 23 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyat hokimligi va Kamolot YoIH viloyat Kengashi tomonidan “Yagonasan, muqaddas vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim” shiori ostida yosh avlod iste`dodini namoyish etish maqsadida tashkil etilgan “Yoshlar sayli” ning “Hokim va yoshlar” loyihasida “Geometriyani o‘rganamiz” nomli qo‘llanmaning taqdimoti bilan ishtirok etdim.
Mening kamtarona mehnatimni, ilm yo‘lidagi izlanishlarimni shunday e’tiborga loyiq ko‘ganliklari uchun xalqimdan, taqdirimdan, Vatanimdan minnatdorman.
Yurtboshimiz “Farzandlarimizga nafaqat ishonch bildirishimiz, balki ularga o‘zini amalda namoyon etishi uchun maydonni kengaytirish kerak” degan fikrlari hayotimizda o‘z aksini topmoqda. Biz yoshlar bunday ishonch va ajdodlarimiz asrlar davomida orzu qilgan istiqlol uchun o‘z bilim va salohiyatimizni yurt ravnaqi uchun baxshida etishimiz kerak. Zero, biz mustaqillik farzandimiz !
Mohinur RAUPOVA, Buxoro Davlat universitati qoshidagi 3-son Qorako‘l akademik litseyi 3-bosqich o‘quvchisi.