TARIXIY FILMLAR NAMOYISHI

 Viloyatimizda o`tkazilayotgan “Ipak va ziravorlar” festivali dasturidan o’rin olgan ahamiyatli loyihalardan biri tarixiy filmlar namoyishi bo’ldi. Bu yilgi namoyish repertuaridan o’tgan asrning 20 yillarida Markaziy Osiyoda birinchi bo’lib tashkil etilgan “Buxkino” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan shartli nomi “Eski Buxoro” deb atalgan kartina bo’ldi.

Mirzo Ulug`bek hamda Ko’kaldosh madrasalarida namoyish etilgan ushbu ovozsiz kinokartinada Buxoro shahri, ayniqsa asrlarni qaritgan tarixiy obidalarning Oktyabr to’ntarishidan keyingi vayron etilgan qiyofasi, o’sha davr kishilari turmush tarzi aks ettirilgan.

– Ushbu film yurtingiz tarixi haqidagi tasavvurlarimni yanada boyitdi, – deydi yaponiyalik Mashu Komazaki film namoyishidan so’ng. – Bunda xalqingizning o’rta asrlardagi turmush tarzi batafsil aks ettirilgan. Bizning kimono singari sizning ham yaktak, salla singari milliy-tarixiy kiyimlaringizni birinchi bor ko’rdim.

Menda eng katta taassurot qoldirgani esa filmda aks ettirilgan Eski shahar qismining bombardimon qilingan qiyofasi bo’ldi. Bunday durdona obidalarni to’pga tutish uchun shunchaki vahshiy bo’lish kerak. Bugun shu ko’chalarda aylanib yurar ekanman, filmdagi qiyofasidan tubdan farq qiluvchi tarixiy inshootlarning ko’rkam qiyofasini ko’rib xalqingizning bunyodkorlik salohiyatiga tan berdim. Bunday voqea bizga ham tanish. Ushbu qiyinchiliklarni yengib, barqaror taraqqiyot yo’liga erishish uchun katta iroda va jasorat kerak. Shu nuqtai nazardan xalqlarimiz o’rtasida o’zaro mushtaraklikni ko’ryapman.