Tugʻruqdan keyingi davrda ayolni parvarishlash juda muhim hisoblanadi. Bu davrda ona organizmi homiladorlik va tugʻruq jarayonidan keyin tiklanadi hamda chaqaloqni emizish orqali unga kerakli oziq moddalarni yetkazib beradi. Shu sababli emizikli onaning ovqatlanishi toʻgʻri, muvozanatli va foydali mahsulotlarga boy boʻlishi kerak. Ovqatlanish tartibli boʻlishi, taomlar esa imkon qadar tabiiy va yangi mahsulotlardan tayyorlanishi muhimdir.
Oqsilga boy mahsulotlar tugʻruqdan keyingi tiklanish jarayonida asosiy oʻrin tutadi. Yogʻsiz mol goʻshti, tovuq goʻshti, baliq va tuxum organizmning kuchini tiklaydi hamda toʻqimalarning tezroq sogʻayishiga yordam beradi. Ayniqsa, temir moddasi goʻsht mahsulotlarida koʻp boʻlib, u kamqonlikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Temir yetishmovchiligi ayolda tez charchash, holsizlik va kayfiyat tushishiga olib kelishi mumkin. Sut mahsulotlari ham emizikli ayollar uchun juda foydali hisoblanadi. Sut, qatiq, kefir, tvorog va pishloq organizmni kalsiy bilan taʼminlaydi. Kalsiy ona va bola suyaklari uchun juda zarur moddadir. Agar organizmda kalsiy yetarli boʻlmasa, tana uni suyaklardan oladi. Natijada suyaklar moʻrtlashishi, tishlar zaiflashishi mumkin. Sabzavot va mevalar ham ratsionning muhim qismi hisoblanadi. Olma, nok, sabzi, karam, brokkoli kabi mahsulotlar foydali vitamin va minerallarga boy boʻladi. Ular ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlaydi hamda organizmni zarur tolalar bilan taʼminlaydi. Mevalarni meʼyorida isteʼmol qilish kerak. Chunki ayrim mahsulotlar chaqaloqda allergik reaksiya keltirib chiqarishi mumkin.
Don mahsulotlari ham emizikli ayol uchun foydali energiya manbai hisoblanadi. Grechka, suli yormasi, guruch va kepakli non organizmni uzoq vaqt davomida quvvat bilan taʼminlaydi. Bundan tashqari ular ovqat hazm qilish tizimining faoliyatini yaxshilaydi va ich qotishining oldini oladi.Shuningdek, shifokorlar bir kunda kamida bir yarim yoki ikki litr suv ichishni tavsiya etadilar. Kompot, iliq choy va tabiiy sharbatlar ham foydali hisoblanadi. Gazli ichimliklar va sunʼiy qoʻshimchalarga boy mahsulotlardan imkon qadar voz kechish kerak.
Tugʻruqdan keyingi davrda ayrim mahsulotlarni ehtiyotkorlik bilan isteʼmol qilish kerak. Kuchli allergiya chaqiruvchi sitrus mevalar, shokolad, achchiq va dudlangan mahsulotlar ayrim bolalarda bezovtalik yoki terida toshma paydo qilishi mumkin. Shu sababli har bir yangi mahsulot ratsionga asta sekin qoʻshilishi tavsiya etiladi. Agar chaqaloqda qizarish yoki allergik belgilar kuzatilsa, o‘sha mahsulotni vaqtincha isteʼmol qilmaslik kerak.
Kofein saqlovchi ichimliklarni ham meʼyorida isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Qahva, kuchli choy va ayrim gazli ichimliklar tarkibidagi kofein ona suti orqali bolaga oʻtishi mumkin. Bu esa bolaning bezovta boʻlishiga yoki uyqusi buzilishiga sabab boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Energetik ichimliklar esa umuman tavsiya etilmaydi.
Baliq mahsulotlari organizm uchun foydali omega uch yogʻ kislotalariga boy boʻlsa ham, ayrim yirik baliqlar tarkibida zararli moddalar boʻlishi mumkin. Shu sababli baliqni meʼyorida va ishonchli manbalardan tanlab isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Baliq bolaning miya va koʻrish organlari rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Koʻpchilik orasida ayrim mahsulotlar sutni koʻpaytiradi degan qarash mavjud. Masalan suli yormasi yoki sutli choy haqida shunday fikrlar aytiladi. Ammo ilmiy tadqiqotlarda maʼlum bir mahsulot sut miqdorini keskin oshirishi isbotlanmagan. Mutaxassislarning fikricha, bolani tez tez emizish laktatsiyani yaxshilashning eng samarali usuli hisoblanadi.
Emizikli onalar qattiq parhez qilmasliklari kerak. Chunki bu davrda organizm ko‘proq oziq moddalariga ehtiyoj sezadi. Vitamin va minerallar yetishmovchiligi nafaqat onaning sogʻligʻiga, balki bolaning rivojlanishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli ovqatlanish imkon qadar xilma xil va foydali boʻlishi zarur.
Xulosa qilib aytganda, tugʻruqdan keyingi davrda toʻgʻri ovqatlanish ona va bola salomatligining muhim omillaridan biridir. Muvozanatli ratsion ayol organizmini tiklaydi, emizishni qoʻllab quvvatlaydi hamda bolaning sogʻlom oʻsishi uchun zarur oziq moddalarni yetkazib beradi. Shuning uchun har bir ona oʻz salomatligiga masʼuliyat bilan yondashishi, foydali mahsulotlarni tanlashi va shifokor tavsiyalariga amal qilishi muhimdir.
Buxoro shahar tug’ruq kompleksi
akusher ginekologlari