Dars o’tish majburiyatmi yoki burch?

Ilm, fan, taraqqiyot. Bu so’zlar bugungi rivojlanish davrida oliy tushuncha maqomidadir. Ayni paytda O’zbekiston yoshlari har sohada yurtimizning bayrog’ini ko’klarga ko’tarmoqda. Kasbining fidoyilari tufayli vatanimiz gullab, yashnayotgan bir davrda aksariyat o’quvchilar oliy o’quv yurtiga kirish uchun o’quv markazlariga qatnash bilan band. Demak, mana bu maktab g’olib bo’ldi. Faxrli 1-o’rin, faxrli 2-o’rin degan quvonarli so’zlar maktabning emas, aslida o’quv markazining yutug’imi?
Markazga borish uchun gohida maktab darslaridan qolishga to’g’ri keladi. Bu vaziyatda o’quvchi qaysi yo’lni tanlashi kerak? Qonun-qoidalarga bo’ysinib darsda qolsinmi, yo kelajagini o’ylab qonun-qoidalarga qarshi chiqib kursga borsinmi? Nahotki, oliy o’quv yurtiga maktabdagi bilim bilan kirib bo’lmasa… Mana shunday qator savollarga birma-bir javob qidiramiz. Pedagogning mohirligi darsga xohishi bo’lmagan o’quvchini ham mahorat bilan darsga qiziqtira olishidadir. So’zi o’tkir odam tig’i o’tkirdan kuchliroq. Yangi dars o’tish metodlari zamon talabiga va o’quvchilar talabiga birdek javob bera oladigan darajada universal bo’lishi shart. Fidokorlik, faollik uchun shijoat va zavqqa boy bo’lish kerak. Davlatimiz rahbari ertamizning egalariga qarata:
– Ilmi qadrlang, ilmga intiling, – deya barcha shart sharoitlarni yaratib berayotgan vaqtda pedagog doskaga o’quvchini chiqarib, mashqlarni yozib, ko’chirib olishlarini buyurib, o’zi shaxsiy ishlari bilan band bo’lib o’tirishi kishi tabini xira qiladi. 2 qator qoidaning mazmunini hali tushuntirmasdanoq butun sinfga quruq takrorlatib chiqish bilan darsni yakunlashi, maktabning tashkiliy ishlari deb darsni qoldirishi adolatdan emas. Dars o’tish majburiyat emas, burch ekanligini qachon anglashadi? Bugun dars bo’lmas ekan deb o’quvchining xursand bo’lishiga, maktabida mavjud fanni repetitorga borib o’rganishiga asl sabablar shu emasmi? Buyuk rus yozuvchisi Turgenev:
– Hammamizning yagona langarimiz borki, agar o’zimiz xohlamasak, hech qachon undan yiqilmaymiz: u bizning burchimiz,- degan edi.
Inson istasa, barcha ishni qila oladi. Va vazifalariga ulgira oladi. Yuqoridagi muammolarning sabablari nafaqat fidoyilikning yetishmasligidan, dangasalikdan ham kelib chiqadi. O’quvchining darsni istamasligi fojea! O’qituvchi burchini anglamasligi esa ikki karra fojeadir. Kichik deb o’ylagan sabablarimiz katta ko’ngilsizliklarni keltirib chiqaradi. Bugun o’quvchilar darslardan qoniqmay, markazga talpinayotganlar ko’payayotganiga ustozlarning o’zlari sabab bo’lmoqda. Inson hech o’zini ayblagisi kelmaydi. Har qanday holatda ham o’zini o’ylaydi. Kimdir dars soati kamligidan bahona qilsa, kimdir darsliklardan ayb axtaradi. Bu maqola orqali biz barcha ustozlarimizni birdek aybdor qilmoqchi emasmiz! Ammo atrofimizda darsga bo’lgan ma’sulyatli vazifani asl burchi sifatida qabul qilmayotgan ustozlarimiz ham ko’payib bormoqda. Zero har birimizning farzandlarimiz ular qo’lida voyaga yetar ekan. Bu mavzuda biz hali juda ko’plab bahs-munozara yuritamiz.
Ne’matullayeva Mahliyo, BuxDU Filalogiya fakulteti Jurnalistika yo’nalishi talabasi

🔺@by_gazetasi