Oilaviy zo‘ravonga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi

   Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tomonidan oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Qorako‘l tumanida yashovchi fuqaro Z.I. 2026-yil 7-aprel kuni yashash xonadonida turmush o‘rtog‘i N.B. bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida unga tan jarohati yetkazgan. Mazkur holat oilaviy zo‘ravonlik sifatida baholangan.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining o‘ng yelka sohasida qontalashlar aniqlangan. Ular sog‘liqning qisqa muddatga buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohatlari toifasiga kiradi.

Sud majlisidagi so‘roq davomida huquqbuzar Z.I. Qorako‘l tumanidagi “Solur” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan o‘zining yashash xonadonida turmush o‘rtog‘i N.B. bilan avvaldan mavjud bo‘lgan kelishmovchilik sababli janjallashib kelgan. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganligini tan olishini, qilmishidan pushaymonligini bildirib, qonuniy yengillik berilishini so‘ragan.

Sud ish materiallaridagi ariza, tushuntirish xatlari, ma’muriy bayonnoma, tibbiy xulosa va boshqa dalillarni o‘rganib, Z.Ishonovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59-moddasi 2-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, degan xulosaga keldi.

Sud huquqbuzarlikning xususiyati, huquqbuzarning shaxsi, uning aybdorlik darajasi, shuningdek, javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olib, Z.Ishonovni mazkur modda bilan aybdor deb topdi.

Sud qaroriga ko‘ra, Z.Ishonovga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ma’muriy qamoqda saqlash bilan bog‘liq 309 ming so‘m miqdoridagi xarajatlar huquqbuzardan undiriladigan bo‘ldi.

Dilmurod Qulliyev, 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tergov sudyasi