JADIDCHILIKNING BUYUK NAMOYONDASI

 

Jadid adabiyoti namoyonda buyuk adibimiz, o`zbek romanchiligi maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy badiiy dahosi bilan yaratilgan yetuk asarlar milliy o`zligimizni anglashga bugun ham beqiyos kasb etmoqda.                                                                       Sh.Mirziyoyev

XX asr o`zbek adabiyotining mumtoz namoyondasi, iste`dodli adib A.Qodiriy o`zbek romanchilik maktabining asoschisi sanaladi. Uning asarlari o`zbekning har bir xonadonida kirib bordi, har bir o`zbek kitobxonining sevimli asarlari qatoridan o`rin oldi. A.Qodiriyning nomi asarlari bilan jahonga tanildi.

A.Qodiriy ijodining dastlabki namunalari, millatparvarlik ruhida yozilgan bo`lib, jadidchilik g`oyalari bilan sug`orilgan edi.

Har bir millat hayotida uning taqdiri-bu dunyoda yashashga haqli yoki haqsiz ekanligi hal bo`ladigan burilish nuqtasi bo`ladi. Ma`lum bir xalq orasidagi dunyo tamadduni rivoji his etadigan, dunyoda Parvardigori egam in`om aylayotgan va ilg`or mamlakatlarda anglanib, amalga oshirib borilayotgan taraqqiyot amallarining rivojini fahmlaydigan, vatanning taqdirini o`zi belgilamog`i yo`lida qat`iyat va fidokorlik ko`rsata oladigan, kechagi kundan shirin-u achchiq dars olib, bugunning suratini aniq ko`radigan, bugunga ertaning ezgu urug’ini socha oladigan kuchlar Vatanparvarlarning sa’i-harakati bu yo`lda hal qiluvchi o`rin tutadi. Bir qarashda bu kuchlar kam ko`rinsa ham, fidoyiliklari, sobitliklari va jonbozliklari tufayli o`y-u fikrlari, bezovtaliklari elaro ildiz ota boshlandi. Chunki ular Vatanning or-nomusi uchun kurashdilar.

Ular beayov zamondan millatning haq-huquqini, qadr-u qimmatini talab etadilar va bu yo`ldan hayiqmay boradilar. Chunki bunday kurashdan mosuvo xalqni bora-bora vaqtning beayov dovullari yo`qlikning qora puchmoqlari sari uchirib ketishini har lahzada his etib turadilar. Dunyo o`zini anglab yashagan, birovga mute bo`lmagan xalqqagina zamonlar osha mangu yashash huquqini beradi.

Bu vatanparvar kuchlar taqdir taqaqozi bilan mag`lubiyatga uchrasa ham, ta`qib ostiga olinib, jisman yo`q etilsa ham, xotiralardan tamoman yuvib tashlashga zo`r berib urinilsa ham, ularning jasorati xalqning mudom uyg`oq ongiga, Vatan havolariga ozodlig-u Erk bo`ylarini tarab, zo`ravonlarga bo`yin egishni or biladigan yangi-yangi millat farzandlarini dunyoga keltiradi. Chunki millat haqiqat yo`lida kurashgan insonlarning ezgulik sari intilishlari uzilib qolmaydi. Ular Tangri taolloning inoyati bilan, zo`ravonlikning istibdodining rad etadigan xassos yuraklarda asrlar osha qayta yaralaveradi. Qodiriy xalqning or-nomusi uchun kurashgan qadrtalab o`zbeklarning eng jasoratli va muhimi, eng iste`dodli vakilidir. Biz millati uchun kurashgan or-nomusli buyuk insonlarning farzandlarimiz. Qodiriy asarlari bir kam dunyoning ko`ziga tik qarab yashashni o`rgatadi.

A.Qodiriy -o`zbekning dardlarini, xalqini o`ylab to`lg`onishlarini kelajak avlodga to`lig`icha meros qoldirgan daho adib. U asrlarini mukofot kutib yozmadi.

Bu asarlar uchun taziqqa uchrashini u hamma vaqt anglab yashadi. Mazlum millatni xo`rlab, o`zligini unitishga majbur etayotgan bosqichlarga qarshi xalqining qadr-qimmati yoqlab yozilgan asarlarning muallifiga yana qanday javob berilishi mumkin?  Shu yoshida fikrlashni davom ettirsak, bu kamtar insonning naqadar bukilmas iroda egasi ekanligi ko`z oldimizda namoyon bo`ladi. Uning umri so`nggi daqiqasigacha shonli jasoratdan iboratdir.

Kitobxon qalbini uyg`otadigan, faqat o`zini emas, butun xalq taqdirini o`ylashga majbur etadigan Qodiriy asarlarining dunyoga kelishi o`zbek xalqining ma`naviy hayotiga ulkan bosqich bo`ldi va undagi g`oyalar millatimiz tafakkurida, ruh-u ongida o`chmas bir vasiyat yanglig` muhrlandi. Biz jasorat so`rar edik. Lekin tilimizni tek-tegidan kesmoqchi edilar. Jasorat bitkan edi, til kesilgan edi…Yuragimizdagi biroz umidni istisno qilganda, boshqa narsalar yulinib yulqingan edi.

Moziyning siyrati va suratini aniq tasavvur etish uchun, ming afsus bilan aytamizki,faqat tarixga ishonib bo`lmaydi. Zero qo`pol, izzattalab, yolg`onchi va faqat o`z manfaatini o`ylaydigan davr-u davronlar bechora tarixni qanday bo`lsa shundayligicha ko`rishni xohlamaydi. Ular moziy kechmishlarini o`z manfaatlariga moslaydilar va bu “tarix“ni yagona deb e`lon qiladilar. Tarixni boricha ko`rib turganlarni “ko`zini o`yishgacha “ boradilar. Masalan, sho`rolar davrida xuddi shunday bo`lgan. Millatimizning tarixini tashlashga bo`lgan harakat shu darajaga borganki, mustamlakachilik tarixi o`zbek maktablarida katta og`alarning oliy himmati kabi tilga olingan. Oliy va o`rta o`quv yurtlarida yurtimiz tarixidan umuman dars berilmagan. Turkiston tarixi o`qitilmaslikning iloji yo`q mutaxassisliklarda esa uch-to`rt soat nari-beri dars o`qilgan-da, shu bilan yakunlab qo`ya qolingan.

Sho`rolar o`zbekni xotirasidan judo etish uchun juda qat`iyat bilan ish yuritgan edi.

O`zbek adabiyoti tarixida biror bir kitob Abdulla Qodiriyning romanlari kabi sevib o`qilmagan. Biror bir kitob xalqning ruh-u ongiga bu qadar singishib ketmagan. Ortga burilib qarasangiz, dunyo harakati tezlashganini fahmlaysiz.

Yaralmishidan dunyoning ko`zguligi vazifasini zimmasiga olgan adabiyot ming yillik tariximizda dunyo bilan birga o`sib, dunyo bilan birga qadamlab keldi. Mashhur sharqshunos olim Bertels “Dunyoda beshta romanchilik maktabi bor edi, endi oltinchisini-o`zbek romanchilik maktabini Qodiriy yaratib berdi“, degan aniq gapni aytgan. Dunyo adabiyotini besh qo`lday biladigan olim bu gapi bilan o`zbek adabiyotini dunyodagi eng yuksak beshta adabiyot qatoriga qo`yadi.Garchi“ o`zbek adabiyoti“deb ma`qullanayotgan bo`lsa ham bu yuksak martaba faqat va faqat Qodiriyga tegishlidir. Qodir Rahmon daholarni faqat o`zi suygan elga yuboradi.

O`zbek adabiyoti nihoyatda baxtli adabiyot jahonning biror bir adabiyotida birinchi roman bu qadar yuksak, asrlarga tatigulik darajada yozilmagan.

Adib yurtini toza, halol, adolatparvar va imonli, nodonlik va xurofotdan holi, o`qimishli va dunyo tashvishini tushunadigan, birovning haqqini olmaydigan va o`zgaga haqqini bermaydigan, Vatan sha`ni uchun fido bo`lmoqni Sharaf deb biladigan-nomusli ozod va erkparvar odamlarning Vatani bo`lishini istaydi.U shunday Vatandoshlari obrazini asarlarida faxrlanib yaratadi. Biroq xalqining ijobiy fazilatlari bilan qancha faxrlansa, asrlar bo`yi xalqimizning oyog`iga kishan solib turgan bid`atga, nodonliklarga va xurofotga qarshi shunchalik beayov kurashadi. Qodiriy hech narsadan cho`chimaydi.

Chunki Vatanning el-yurtning sha`ni adib uchun jonidan azizroq edi.

A.Qodiriy butun ijodi bilan bizga adabiyot ishi ermak yohud nom chiqarish uchun bir vosita emas, balki Vatan taqdirini o`zining taqdiri deb biladiganlarning fidokorligi ekanligini vasiyat qilgan. Abdulla Qodiriy hech qachon o`lmaydi. U o`zbekka hamisha zamondoshdir.

                                                        Maxsuma Barotova,             Buxoro Muhandislik texnalogiya instituti   Axborot-resurs markazi xodimi