Terrorizm — butun jamiyat hayotiga xavf tug’diruvchi, uning botqoqqa botib qolishiga sabab bo‘luvchi qonli tahdiddir. Bunday siyosiy nifoq va qonli ziddiyatlarni keltirib chiqaruvchi oqimlar dunyo hamjamiyati uchun hanuzgacha asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Insoniyat hamon diniy mutaassiblik, radikalizm, zo‘ravonlik va terrorizm kabi inson ongi va shuurini zabt etishga qaratilgan xurujlaridan aziyat chekibgina qolmasdan, zararli oqimlarning ko‘payishiga sabab ham bo’lyapti. Aholi orasidagi diniy qatlamning radikallashuvi ularni zo‘ravonlikka undaydi hamda tinchlik, xavfsizlik, jamiyat va inson huquqlarining barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Hozirgi vaqtda biror-bir davlat jangovar ekstremizm va terrorizm oqibatlaridan to‘liq himoyalangan emas. Ko‘plab davlatlarda hozirgacha yuqori darajadagi terror xavfi saqlanib qolmoqda. Zo‘ravon ekstremistlar tomonidan amalga oshirilgan terrorchilik holatlari jamoalar o‘rtasida nizo urug‘ini yoyilib, ksenofobiya, islomofobiya va jamiyatda qarama-qarshi ekstremistik qarashlarning tarqalishiga yordam bermoqda.
Terrorizm va ekstremizmga, shu jumladan, diniy ekstremizmga qarshi kurashish sohasida ijtimoiy muloqotning eng muhim vositasi ommaviy axborot vositalaridir. OAV aholini ushbu tahdidlar haqida o‘z vaqtida xabardor qila oladi.
Hozirgi kunda OAV va blogerlar jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim o‘rin tutib, yurt taraqqiy etishi yo‘lida fidoyilik namunalarini o‘rsatib kelishmoqda. Jurnalistlarning odob-axloq kodeksida qayd etilganidek, siyosatchilar kabi OAV ham jamiyatda kechayotgan jarayonlar uchun mas’uldir. Ular milliy xavfsizlikni mustahkamlash, ijtimoiy, qolaversa, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishga ko‘maklashishi lozimdir.
Joriy yilning 18-19-may kunlari “Ziddiyatli vaziyatlarda sezgir jurnalistika: jamiyatda radikallashuv va terrorizm xavfini kamaytirish vositasi sifatida” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Ushbu treningda 24 nafardan ortiq mahalliy ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda blogerlar faol ishtirok etishdi. Seminar ish doirasida sharif shahar me’moriy obidalariga sayohat, Buxoro shahridagi “Siyavush” mehmonxonasida seminar, davra suhbati va debatlar uyushtirildi.
Xususan, viloyat televideniyesida bo‘lib o‘tgan mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, faol talaba yoshlar ishtirokida kechgan suhbat har ikki tomon uchun manfaatli bo‘ldi. Nargis Qosimova hamda Nodira Alimova kabi trenerlar tomonidan bilim va ko‘nikmalar berilgani biz kabi yosh urnalist va blogerlar uchun ayni muddao bo‘ldi.
Seminar ishi doirasida bildirilgan o‘rinli va istiqbolli g‘oyalar tez kunlarda amalga oshishi hamda jurnalistlarning faol fuqarolik pozitsiyasi bo‘y ko‘rsatishiga umid bog‘ladik.
Dilnavoz TO‘XTAYEVA,
Nafosat TOTLIYEVA,
Buxoro davlat universiteti jurnalistika ta’lim yo‘nalishi talabalari