TEZKOR, QULAY, AMMO…

Manbaаlarga ko’ra, uzoq masofadan turib so’zlashish imkonini beruvchi qurilma yasashga ko’p bora urinishgan. Ana shunday qurilma – telefon 1876-yil 10-mart kuni shotlandiyalik Aleksandr Grexen Bell tomonidan yaratildi. Yangi qurilma butun dunyo odamlari hayotiga o’zgarish olib kirdi. U o’z ko’rinishi, hajmi, shakli va hatto, boshqarilishi jihatidan ham yillar mobaynida takomillashib bordi.

Bugungi kunda esa telefon kundalik turmushimiz ehtiyojiga aylanib ulgurgan. Uzog’imizni yaqin, mushkulimizni yengil qilib, manzili yiroq tanishlarimiz bilan maroq ila suhbat qurish qulayligini berdi. Ammo mobil telefonlar ko’pchiligimizning bo’sh vaqtda hamrohimiz, zerikkanda ovunchog’imiz bo’lib qolgan. Shuningdek, kechalari yostig’imiz ostida turuvchi kitoblar o’rnini ham asta-sekin egallamoqda. Endilikda sevib mutolaa qiladigan kitobimiz ham telefon oynalarida paydo bo’lmoqda.

1399558382_img_3210

Xo’sh, bu qulaylikmi yoki sog’likka kushandalik? Ushbu savol bilan bir nechta tengdoshlarimizga yuzlandik:

Mavjuda Ashurova:

-Sevib mutolaa qiladigan kitoblarimizni telefondan o’qiy olishimiz ancha qulay va istagan kitobimizni unga yuklab olishimiz mumkin. Albatta, har birining ham hayotimizda o’z o’rni bor. Ammo, bir tomondan telefon orqali o’qish sog’likka ziyon yetkazsa, ikkinchi tomondan kishini dangasa ham qilib qo’yadi. Menimcha, telefondan foydalanayotganda me’yorni bilish kerak.

Kamol Nurbekov:

-Elektron kitoblar ancha qulayliklarga ega va bu zamon talabi. Shuningdek, ular kitobxonga tezkorlik bilan yetkaziladi. Bu esa bizning vaqtdan yutushimizda yordamchidir. Ma’lumki, inson ma’lumotni ko’plab sezgi organlari orqali qabul qiladi, ammo kitobning elektron shaklini o’qish mobaynida ma’lumot faqat, ayrim sezgi organlari bilan qabul qilinadi va bu o’qiganlarimizni eslab qololmaslikka sabab bo’ladi.

Jahongir Hotamov:

-Har qanday kitobni elektron variantda o’qish davomida asar voqeyliklari ta’siri o’z kuchini yo’qotadi. Bunda asardagi qahramonlarni va ularning ichki kechinmalarini tushunish hamda tasavvur qilish mushkul. Kitobni qo’lga olib uning hajmini, taftini hattoki, o’ziga xos hidini his etishning o’zgacha sehri bordek go’yo.

Dilshoda Shamsiyeva:

-Xoh u qog’ozda bo’lsin, xoh telefonda kitob – bilim manbai! Salbiy jihati ko’zning ko’rish qobiliyatiga ziyon yetkazishidir. Elektron kitoblarning foydali tarafi shundaki, u doim yonimizda hamroh bo’la oladi. Chunki bir qancha kitoblarni har doim ham o’z oldimizda olib yurolmaymiz. Shunday paytda telefonning afzal jihatini ilg’aymiz.

Sherzodbek Suyunov:

-Hech qachon telefon yoki internet kitob o’rnini egallay olmaydi. Garchi o’zim ham ulardan foydalansamda, bunga ishonmayman. Yaqinda muhim faktga ko’zim tushdi: telefon mutolaasining sog’likka yana bir zarari – uning kishida ruhiy xastaliklarni keltirib chiqarish ehtimoli aniqlanibdi. Fikrimcha, telefondan aloqa vositasi o’rnida foydalangan ma’qul. Axir, bu uning asosiy vazifasi-ku!

IMG_7984

Azaldan xalqimiz kitobni asrashni va suyub o’qishni ta’kidlab keladi. Zero, kitob chin ma’noda kishilarning ustozi, umr yo’lida to’g’ri qaror qabul qilishida beminnat maslahatdoshidir. Elektron kitoblarda ham xuddi kitobdagi so’zlarni, fikrlarni o’qiymiz ammo, uqish qiyin. Kitobdagi muhim va kerakli so’zlarni belgilash imkoni bor, elektron kitobdan esa bizga kerakli fikrlarni qidirib topish biroz noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, electron kitob mutolaasi odat tusiga aylangan. Har qanday vaziyatda ham bu odatga chegara saqlay olish lozim. Chunki kitobni tezda yuklab olish, doim yonimizda olib yurish qulayligini bergani bilan telefondan tarqaluvchi nurlar zarari xotiraning suslashishiga olib keladi. Demak, elektron kitobni o’qishdan faqat zarur hollardagina foydalanish lozim.

Zulfizar MAVLONOVA